Fransiya: Putinning tahdidlaridan qo‘rqmaslik kerak (+video)
Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro mamlakat Rossiya tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday tajovuzga qarshi choralar ko‘rayotganini bildirdi, deb xabar berdi Euronews.
«Fransiya Vladimir Putinning keskin kuchaygan tajovuzkor harakatlari nishonlaridan biriga aylandi. Biz o‘zimizni himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rdik», — dedi Fransiya Tashqi ishlar vaziri.
So‘nggi haftalarda Yevropada Rossiyaga nisbat berilayotgan tajovuzkor harakatlar ko‘paydi. Varshavaga yo‘l olgan poyezd Ukraina chegarasi yaqinida dron zarbasiga uchradi. Dronlar hujumi oqibatida yana Ukraina chegarasi yaqinida yong‘inlar sodir bo‘ldi. Latviya va Litvada dronlar urib tushirildi. Daniya yaqinida Rossiyaga tegishli kema Boltiq dengizi ustida uchib ketayotgan vertolyot tomon ikki marta signal raketasini otdi.
«Bunday harakatlarni hisobga olishimiz kerak. Ammo o‘zimizni qo‘rqitishlariga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Biz Vladimir Putinning bizni zaiflashtirish va bo‘lib tashlashga qaratilgan tuzoqlariga tushmasligimiz kerak», —dedi Fransiya Tashqi ishlar vaziri. Uning ta’kidlashicha, yaqin oylarda Vladimir Putin Yevropa davlatlari va Fransiyada bo‘lib o‘tadigan saylovlarga qandaydir tarzda ta’sir o‘tkazishga urinishi mumkin.
Shuningdek, Fransiya va Finlyandiya kengaytirilgan yadroviy himoya tashabbusida ishtirok etishini rasman kelishib oldi. Ikki davlatning qo‘shma bayonotida aytilishicha, bu qaror har ikki davlatning xalqaro majburiyatlariga mos keladi hamda Yevropa xavfsizligi va ikki tomonlama hamkorlik uchun muhim qadam hisoblanadi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Fransiyaning ushbu tashabbusini “ o‘ylanmagan qaror” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya Yevropa ittifoqchilariga taklif qilayotgan “kengaytirilgan yadroviy himoya” tizimi Rossiya uchun xavf omili hisoblanadi. Zaxarovaning ta’kidlashicha, Yevropa davlatlari go‘yo mavjud Rossiya tahdidini bahona qilib, yadroviy qurollarni Rossiya chegaralariga yanada yaqinlashtirishga urinmoqda. Zaxarova, shuningdek, Rossiya uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan qurollar Rossiya strategik tiyib turish kuchlarining alohida e’tiborida bo‘lishini ma’lum qildi.
Kenja Bekjonov, O‘zA