FOTOGALEREYA: Navoiy — islohotlar, bunyodkorlik va taraqqiyot zamini
Mustaqilligimizning 35 yilligi oldidan
«Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va
kelajak yaratamiz!»
Navoiy viloyati mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichini o‘zida yaqqol namoyon etayotgan hududlardan biri. Bepoyon sahrolar bag‘rida qad rostlayotgan zamonaviy inshootlar, yangilanib borayotgan shahar va qishloqlar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari, obod mahallalar va farovon hayot manzaralari hududdagi keng ko‘lamli islohotlarning amaliy samaralarini ko‘rsatib turibdi.
Navoiy nafaqat mamlakatimizning yirik sanoat hududlaridan biri, balki investitsiya, innovatsiya va tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratilayotgan zamonaviy makon sifatida ham o‘z qiyofasini o‘zgartirmoqda. Sanoat va ishlab chiqarish tarmoqlarida yangi loyihalarning hayotga tatbiq etilishi, mavjud korxonalarning modernizatsiya qilinishi, zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi viloyat iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirmoqda. Joriy yilda viloyat sanoatini 7,8 foizga oshirish maqsadi ham bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom etayotganidan dalolatdir.
[gallery-30926]
Bunyodkorlik va infratuzilmadagi yangilanishlar shahar va qishloqlarga yangicha ruh bag‘ishlamoqda. Yangi yo‘llar, ko‘priklar, ijtimoiy ob’ektlar, zamonaviy uy-joylar va obod mahallalar aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga xizmat qilmoqda. Yo‘l va elektr tarmoqlarining yangilanishi, jamoat transporti tizimining rivojlanishi esa odamlarning kundalik hayotida sezilarli qulayliklar yaratmoqda.
Islohotlarning bosh mezoni — inson va uning qadri. Shu bois ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya, sport va aholi bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim muassasalarida zamonaviy bilim va kasblarni egallash uchun yangi imkoniyatlar yaratilib, IT va raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan ta’lim yo‘nalishlari kengaymoqda.
Tibbiyot sohasidagi yangilanishlar aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va inson salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan. Zamonaviy sport inshootlari, ommaviy sport tadbirlari va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslar, ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Navoiy zaminida qishloq xo‘jaligi ham zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlanmoqda. Yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish, chorvachilik va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish orqali qishloq aholisining daromad manbalarini kengaytirishga e’tibor kuchaytirilmoqda. Mahallalarning mavjud imkoniyat va salohiyatidan samarali foydalanish esa hududlarda yangi iqtisodiy faollikka zamin yaratmoqda.
Viloyatning turizm salohiyati ham tobora keng namoyon bo‘lmoqda. Qadimiy Karmana tarixi, betakror tabiati, madaniy meros ob’ektlari va zamonaviy turistik maskanlar Navoiyni ichki va xorijiy sayyohlar uchun jozibador hududga aylantirmoqda. Joriy yilda 600 ming nafar xorijiy va 3 million nafar mahalliy sayyohni jalb etish maqsadi belgilangani sohadagi ulkan imkoniyatlardan dalolat beradi.
Ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashil hududlarni kengaytirish va aholi uchun zamonaviy dam olish maskanlarini barpo etish borasidagi ishlar ham hudud qiyofasini o‘zgartirmoqda. Navoiy shahridagi «Yoshlik» ko‘li va uning atrofini zamonaviy rekreatsion hududga aylantirish, yangi yashil maskanlar barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar shular jumlasidandir.
Mazkur fotogalereyada Navoiy viloyatida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlarning turli qirralari — bunyodkorlik va sanoat, ilm-fan va ta’lim, tibbiyot va sport, qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish, turizm va obodonlashtirish jarayonlari o‘z aksini topgan. Eng muhimi, bu manzaralarda inson hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar, odamlarning ertangi kunga ishonchi va yangicha hayot tarzi namoyon bo‘ladi.
Bu suratlar — Navoiy viloyatining bugungi qiyofasi. Boy tarix va ulkan salohiyatga ega zaminda yangi imkoniyatlar yaratilayotgani, zamonaviy shahar va qishloqlar barpo etilayotgani, yangi korxona va loyihalar ishga tushirilayotgani, ilm-fan, ta’lim va ijtimoiy sohalarda muhim qadamlar tashlanayotgani fotolarda yaqqol namoyon.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Navoiy viloyatidagi ana shunday o‘zgarishlar mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, hududlarni kompleks rivojlantirish va aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasidir.
Zero, obod hudud, farovon oila, bilimli va intiluvchan yoshlar, munosib mehnat sharoiti hamda inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim mezonidir. Navoiy viloyatining bugungi manzaralari esa ana shu ezgu maqsadlar sari dadil odimlar tashlanayotganidan dalolat beradi.
Siroj ASLONOV(surat),O‘zA