Forum o‘zaro manfaatli loyihalar uchun mustahkam poydevor yaratmoqda
Surxondaryo viloyatidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida “O‘zbekiston (Surxondaryo)-Xitoy” investitsiya forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Viloyatda ilk bor o‘tkazilayotgan forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari J.Xodjayev, Surxondaryo viloyati hokimi U.Qosimov, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Yu Jun, Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Azizi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi boshqarma boshlig‘i I.Niyazmuradov, Xitoy xalqaro madaniy aloqalar markazi rahbari Long Yusyang, Afg‘onistonning Balx viloyati hokimi Muhammad Yusuf Vafo, Xitoyning “JDB Group Limited” kompaniyasi raisi Chen Xung Ton O‘zbekistonning keyingi yillarda olib borayotgan ochiq, pragmatik siyosati mamlakatimizning dunyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va do‘stlik aloqalarini, hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Qadimdan Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston o‘tmishdagi dovrug‘ini qayta tiklab, Markaziy va Janubiy Osiyoni birlashtirishda muhim koridor vazifasini bajarish yo‘lida ishonchli qadam tashlayotgani qayd etildi. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha islohotlar mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirib, milliy iqtisodiyotimiz rivojida muhim omil bo‘layotgani haqida so‘z yuritildi. Forum ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Ta’kidlandiki, Termiz qadimdan madaniyatlar o‘rtasidagi muloqot markazi sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan shahar. Bu zaminda zardushtiy, buddizm, nasroniylik va islom kabi dinlar an’analari shakllanib, rivojlangan. Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim nuqtalardan biri bo‘lgan. Ayni paytda Termizning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi muhim bo‘g‘in sifatidagi o‘rni qayta tiklanmoqda. So‘nggi yillarda “Termiz” xalqaro savdo markazi ko‘p tarmoqli transport-logistika markazi, “Termez Kargo Sentr” kabi yirik inshootlar barpo etilgani bu jarayondagi ishlar samaradorligini oshirib, viloyatni savdo, investitsiya va ilm-fan markaziga aylantirmoqda.
Surxondaryoning Afg‘oniston bilan bevosita chegaradoshligi savdo, transport, logistika va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun katta imkoniyat yaratadi. Shu bois, mazkur forum O‘zbekiston – Xitoy – Afg‘oniston o‘rtasida yangi iqtisodiy hamkorlik va kooperatsiya zanjirlarini shakllantirish uchun ham muhim platforma sifatida ko‘rilmoqda. O‘zbekistonning eng janubiy hududi va mamlakatimizning Janubiy Osiyoga chiquvchi muhim darvozasi bo‘lgan Surxondaryoda uch milliondan ortiq kishi yashaydi. Voha boy tabiiy resurslar, katta mehnat salohiyati va qulay geografik joylashuvga ega. Ayni paytda har taraflama jozibador hududni Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydigan yirik sanoat, savdo va transport-logistika markaziga aylantirish ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun vohada xalqaro aeroport, avtomobil va temir yo‘l tarmoqlari, daryo porti va boshqa zamonaviy infratuzilma bor.
[gallery-30909]
Trans-Afg‘on temir yo‘li loyihasining amalga oshirilishi Markaziy Osiyo uchun Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga eng qisqa yo‘lni ochib, Surxondaryoning strategik ahamiyatini yanada oshiradi. Viloyat iqtisodiyoti ham barqaror o‘sib bormoqda. Jumladan, 2025-yil jalb etilgan investitsiyalar hajmi 1,2 milliard dollarni tashkil etdi. Xorijiy investorlar orasida Xitoy kompaniyalari 360 million dollarlik sarmoya bilan yetakchi o‘rinlardan birini egallamoqda.
Forumda xitoylik investorlarga viloyatning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, yengil sanoat, konchilik va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash, turizm, savdo va logistika kabi yo‘nalishlarida hamkorlik o‘rnatish taklif etildi.
Anjumanda O‘zbekiston, Xitoy va Afg‘oniston hukumati a’zolari, Xitoyning 120 dan ortiq, Afg‘onistonning 50 ga yaqin kompaniyalari vakillari, mingdan ziyod mahalliy mutasaddilar va ishbilarmon doira vakillari ishtirok etmoqda.
Biznes forumda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari A.Shukurov, Xitoyning “Jiangsu World Agricultural” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Ju Linjun, O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari U. Yusupov, Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S. Tojiyev, Xitoyning “Anhui Wende Holding Group” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Yang Siu Mey, “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi direktori o‘rinbosari Z.Abdukerimov, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisi I. Рахимовлар taqdimotlari bilan ishtirok etdi. Ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Xitoy va Afg‘oniston biznes vakillari, Surxondaryo viloyatining Termiz shahri va tumanlar hokimlari, mahalliy tadbirkorlar ishtirokida G2B va B2B uchrashuvlari o‘tkazildi.
Forum doirasida ertaga Xitoy delegatsiyasi a’zolari viloyat tumanlarida bo‘lib yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan yaqindan tanishadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri