Fors ko‘rfazi davlatlari Hurmuz bo‘g‘oziga muqobil yo‘nalish izlamoqda
Fors ko‘rfazi mamlakatlari neft quvuri tarmog‘ini Hurmuz bo‘g‘ozidan tashqariga kengaytirishni ko‘rib chiqmoqda va shu orqali asosiy neft eksporti yo‘nalishiga bog‘liqlikni kamaytirishga harakat qilmoqda. Ushbu tashabbus mintaqada yuk tashishda ortib borayotgan xavf asnosida muhokama qilinmoqda.
“Financial Times” gazetasi yozishicha, asosiy variantlardan biri Arabiston yarim orolini O‘rta yer dengizi bilan Isroilning Xayfa porti orqali bog‘laydigan savdo yo‘lagini yaratishdir. Bunday yo‘nalish eksport yo‘laklarini diversifikatsiya qiladi va tor yuk tashish yo‘llari bilan bog‘liq xavfni kamaytiradi.
Hisobotga ko‘ra, Saudiya Arabistoni mintaqada inqiroz davrida ham barqaror neft eksportini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan yagona mamlakat bo‘lib qolmoqda. Ushbu davlat neft konlarini Qizil dengizdagi Yanbu porti bilan bog‘laydigan Sharq-G‘arb quvur yo‘nalishi bunda muhim o‘rin tutadi.
Ta’kidlanishicha, muhokama qilinayotgan tashabbuslar nafaqat yangi quvur tizimi yotqizish va mavjudlarini takomillashtirish, balki integratsiyalashgan infratuzilma - temir yo‘l va avtomobil trassalari rivojlantirilishini ham ko‘zlaydi. Bu mintaqaga Hurmuz bo‘g‘oziga bog‘liqlikni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.
Maqolada tilga olingan asosiy loyiha AQSH boshchiligidagi Hindiston - Yaqin Sharq - Yevropa (IMEC) quvur yo‘nalishi bo‘lib, Hindistonni O‘rta yer dengizi bilan avtomobil yo‘li, temir yo‘l va quvur tarmog‘i orqali bog‘laydi. Mazkur reja uchun asosiy qiyinchilik Xayfa portini ushbu yo‘nalishga kiritish uchun Saudiyaning roziligini olishdir.
S.Rahimov, O‘zA