Fondning xayrli tashabbuslari davom etmoqda
Prezidentimizning joriy yil 27 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Surxondaryo viloyatida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Eng ulug‘ bayramimiz oldidan mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Obodonlashtirish oyligi” doirasida “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi tashkil etgan tadbir ham yurtdoshlarimizning Vatanga muhabbat, yurtga va istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, hayotdan rozi bo‘lib yashash va ertangi yanada obod turmushga umid hissini mustahkamlashga xizmat qildi.
Shu kuni “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi Dilshodbek Usmonov hududlarda bo‘lib, bir guruh ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar oldi. Yaqinlashayotgan mustaqillik bayrami bilan tabrikladi. Muammolarini tinglab, yechimini topishga ko‘maklashdi.
Jumladan, Termiz shahridagi Navro‘z mahallasida yashaydigan To‘xta Hasanova nogironligi bor o‘g‘li va farzandlarining maktab kiyim-kechaklari va o‘quv qurollari olishiga ko‘maklashishni so‘radi. Tuproqqo‘rg‘on mahallasilik nogironligi bor Salima Samandarova sog‘ligini tiklash uchun dori-darmon olishga mablag‘ ajratish yuzasidan murojaat qildi. Surxon sohili mahallasida istiqomat qilayotgan nogironligi bor Alisher Qodirov uy-joyini ta’mirlashga yordam berishni so‘radi.
–Bayram arafasida bizni so‘roqlab kelishganidan boshimiz ko‘kka yetgandek bo‘ldi,– deydi A.Qodirov.–Suhbat chog‘ida uyimizni ta’mirlashga imkoniyatimiz yetmay turganini aytdim. Buning uchun yetarli mablag‘ ajratilib, tez kunlarda ishlar boshlanadigan bo‘ldi. Bundan qalbim g‘ururga to‘lib, inson qadr-qimmati ulug‘lanayotgan Vatanda yashayotganimdan faxr-iftixor tuyg‘usini his etdim. Barchaga birdek e’tibor qaratayotgan davlatimizdan, ehtiyojmandlarga yordam qo‘lini cho‘zayotgan yaxshi insonlardan bir umr minnatdormiz.
Ochiq muloqotlarda o‘rtaga tashlangan muammolarni joyida hal etish choralari ko‘rildi. Shuningdek, bir guruh yakka-yolg‘iz keksalar, nogironligi bor oilalar, ehtiyojmand fuqarolarga fondning esdalik sovg‘alari, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
–Bayram arafasida boshlangan bu ezgu amalni davom ettiramiz, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Surxondaryo viloyati bo‘limi boshqaruvi raisi Xolmamat Samadov. – Tuman va shahar bo‘linmalarimiz hamkorligida ehtiyojmand oilalar va nogironligi bor fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlab, ularga tegishli yordam ko‘rsatamiz. Qo‘limizdan kelgancha mehr ulashib, bayram sovg‘alarini tuhfa qilamiz.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi mustaqilligimizning 32 yillik bayrami arafasida mamlakatimizdagi 239 mahalla idorasini 1 milliard 200 million so‘mlik kompyuter jamlanmasi, 227 mahalla fuqarolar yig‘inini 1 milliard 372 million so‘mlik mebel jihozlari bilan ta’minlashni rejalashtirgan.
Termiz shahrida tashkil etilgan tadbirda Muzrabot tumanidagi “Chegarachi”, Sherobod tumanidagi “Katta hayot”, Termiz tumanidagi “Qo‘ng‘irot” kabi chekka va olis 51 mahalla fuqarolar yig‘iniga 257 million so‘mlik kompyuter, Angor tumanidagi “Kayran”, Denov tumanidagi “Lolazor”, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Boymoqli” kabi 42 mahalla idorasiga 256 million so‘mlik mebel jihozlari sertifikati tantanali topshirildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri