Fond tashabbusi bilan hududga ariq suvi keldi
Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga joriy yilda 1 milliard 50 million so‘m mablag‘ ajratildi. Mazkur pullar asosan hududlardagi ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan loyihalarga yunaltirildi.
Masalan, Jondor tumanining “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan 4 ta qishloqqa ariq suvini keltirish loyihasi taqdim etilgan edi. Gap shundaki, mazkur ko‘chalarga mana bir necha yildirki, ariq suvi yetib kelmaydi. Aholi tomorqa ekinlarini toza ichimlik suvi bilan qisman sug‘orib keladi. Bu esa ekinlar hosildorligiga salbiy ta’sir qilardi. Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi ushbu muammo yechimi uchun mablag‘ ajratdi.
– Ariq suvi yo‘qligi sababli xonadonlar bir necha yillardan buyon tomorqalarini toza ichimlik suvi bilan sug‘orib kelgan, –deydi Jondor tumani “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Normurod Mahmudov. – Ariq suvi yo‘qligi sababli daraxtlarning hosildorligi tushishi va shu sabablarga ko‘ra, aholi tomorqalarda sho‘rlanish oshib borishiga sabab bo‘lmoqda. Hududni obodonlashtirish, turli mevali va manzarali daraxtlar o‘tqazishga to‘sqinlik qilayotgan edi. Grant loyihasini qo‘lga kiritganimizdan so‘ng hududga tomorqalarni sug‘orish va obodonlashtirish maqsadida ariq suvi keltirilmoqda. Bundan aholi juda ham mamnun.

Sug‘orish ishlari uchun suv taqchilligidan aziyat chekib kelayotgan hudud ahli ham bu ezgu ishdan chetda turgani yo‘q. Barcha hamjihatlikda hashar yo‘li bilan hududda ariq ochishda qatnashmoqda. Davlat rahbari tashabbusi bilan e’lon qilingan “Yashil makon” loyihasi doirasida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekmoqda.
– 20 yildan buyon hududimizda ariq suvi yo‘q edi, – deydi mahalla faoli Saodat Rahimova. – Davlat rahbarining e’tibori natijasida bugun hududimizda ariq suvi keltirilmoqda. Endi hududimizda turli xil mevali va manzarali daraxtlarni ekib, mahallamizni yashil makonga aylantiramiz.
Joylarda hamyurtlarimizni qiynab kelayotgan muammolar yechimida jamoat tashkilotlarining ham ishtiroki tobora kengayayotgani esa yurtimizda fuqarolik jamiyati qurishda muhim qadam tashlanayotganidan dalolatdir.
Zarif Komilov, O‘zA