Flora Ridanova “Mehr daftari” ko‘magida uyli bo‘ldi
Yurtimizda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar alohida e’tiborga olinib, ular davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishida yangi tizim joriy qilindi. Jumladan, “Mehr daftari” platformasi ishga tushirilishi yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularga ko‘mak ko‘rsatish ishlarini yo‘naltirishga imkon bermoqda.
Bu borada Vazirlar Mahkamasining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turar joylar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Boyovut tumanida ham ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida voyaga yetgan, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarni uy-joy bilan ta’minlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Sirdaryo viloyatidagi Boyovut tumani hokimligi, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi hamda boshqa mutasaddilar ishtirokida tumanda yashovchi, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan Flora Ridanovaga Xovos tumani Gulbahor mahallasidagi ko‘p qavatli uy-joylardan biri tantanali ravishda topshirildi. Xonadon barcha uy-ro‘zg‘or buyumlari, maishiy texnika vositalari bilan jihozlangan. Xonadonning hujjatlari shu kunning o‘zidayoq Flora Ridanova nomiga rasmiylashtirildi.

– Bugun mening hayotimda eng baxtli kun, – deydi Flora. – Prezidentimiz, hukumatimiz tashlab qo‘ymadi. Men ham “vatan”li bo‘lib yurtimizning eng baxtli qizlari qatoridan joy oldim. Buning uchun Vatanimga, Yurtboshimizga, xalqimizga doim xizmat qilishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim.

Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri