“Fitrat” dramasi tomoshabinlarga manzur bo‘ldi
Davlat rahbari joriy yilning 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida teatr va muzeylarni rivojlantirish masalasiga alohida to‘xtaldi.



Prezident davlat organlari va muassasalarida har oyning bir kunini “Teatr kuni” deb e’lon qilishni taklif etdi. Xodimlarning teatrlarga borishini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligini alohida ta’kidladi. Taklifdan kelib chiqib Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi viloyat, shahar-tumanlar sektorlari, hokimlik bo‘linmalari rahbarlari, viloyat, shahar-tumanlar hokim o‘rinbosarlari, korxona, tashkilot, muassasalar mutasaddilari, ta’lim muassasalari jamoalari va ularning oila a’zolari viloyat musiqali drama teatriga bordi.



Tomoshabinlarga buxorolik taniqli shoir, “Do‘stlik” ordeni sovrindori Zikrilla Ne’mat asari asosida teatrning yosh rejissyori Laziz Navro‘zov tomonidan sahnalashtirilgan “Fitrat” tarixiy dramasi namoyish etildi. XX asr o‘zbek adabiyoti, fani va madaniyatining yirik vakili, qomusiy bilimga ega olim, adabiyot nazariyachisi, o‘tkir tilshunos, betakror dramaturg va shoir, jangovar publitsist, noshir va jurnalist, talantli davlat va jamoat arbobi, Turkiston jadidchiligining yorqin siymolaridan bo‘lgan Abdurauf Fitrat achchiq hayoti va iztirobli faoliyati haqida hikoya qiluvchi ushbu sahna asari teatrga yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.


–Kuni kecha o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbari mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarurligini qayd etdi, –deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Shodmon Sulaymonov. – O‘tgan asr avvalida yurtimizda vujudga kelgan ana shu jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri, shubhasiz, Abdurauf Fitrat edi. Milliy istiqlol yillarida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti bilan taqdirlangan allomaning hayoti va faoliyatini o‘rganish, tadqiq va targ‘ib etish o‘z davri uchun nechog‘li ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, bugungi kun uchun ham shunday muhimdir. Shu jihatdan bugun namoyish etilgan sahna asari davlatimiz rahbari e’tirof etganidek, ma’rifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi tabiiy.
Viloyatda rahbar-xodimlar va ularning oila a’zolarini bu kabi teatr tomoshalariga tashrifini doimiy tashkil etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri