«First Global Challenge — 2026» xalqaro robototexnika musobaqasi g‘oliblari taqdirlandi
Janubiy Koreyaning Inchxon shahrida 7–10-oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan «First Global Challenge — 2026» xalqaro robototexnika musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Yosh robotsozlarimiz 16 ta o‘yinning barchasida g‘alaba qozonib, 637 ball to‘pladi va musobaqa rekordini o‘rnatdi.
Qariyb 190 mamlakat yoshlarini birlashtirgan nufuzli xalqaro bellashuvdagi bu yuksak natija O‘zbekiston yoshlarining ilm-fan, muhandislik va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Robototexnika bo‘yicha xalqaro musobaqa g‘oliblari va ularning murabbiylarini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Shu kuni «Inno» innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkida xalqaro musobaqa g‘oliblari va ularning murabbiylarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov, raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ishtirok etib, musobaqa g‘oliblari va ularning murabbiylariga mukofotlarni topshirdi.
Erkinjon Turdimov o‘z nutqida yoshlarning ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi yutuqlari mamlakat kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
—Bu e’tirof mamlakatimizda ilmga intilgan, yangilik yaratishga qodir har bir yoshga bildirilgan katta ishonch hamdir. Sizlar yaratadigan texnologiyalar kelgusida ishlab chiqarishni rivojlantirish, suv va energiyani tejash, insonlar hayotini yengillashtirishga xizmat qilishiga ishonaman, — dedi u.
O‘zbekiston terma jamoasi nufuzli musobaqada bir nechta muhim natijani qayd etib, oltin medallarga sazovor bo‘ldi. First Global — yoshlar o‘rtasida fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) yo‘nalishlarini ommalashtirishga qaratilgan xalqaro tashabbus.
2026-yilgi musobaqa «Innovatsiyalarni alangalatish» mavzusi ostida o‘tkazildi. Ishtirokchilar o‘rmon yong‘inlarining oldini olish, ularning oqibatlarini kamaytirish va zarar ko‘rgan hududlarni tiklash kabi dolzarb global muammolardan ilhomlangan robototexnika vazifalarini bajardi.
Musobaqa davomida yoshlar texnik bilimlarini amaliyotda qo‘llash, murakkab muammolarga innovatsion yechimlar topish va xalqaro jamoalar bilan hamkorlikda ishlash tajribasini orttirdi.
Yosh robotsozlarimizning xalqaro maydondagi muvaffaqiyati O‘zbekiston yoshlarining yuksak salohiyati, innovatsion tafakkuri va katta maqsadlar sari intilishini namoyon etib, mamlakatimizning ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA