Firibgarning rejasi amalga oshmadi
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida fuqarolarga ishsizlik nafaqasi olib berishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shofirkon tumani bo‘limi tomonidan fuqarolarning murojaatlariga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Natijada tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazining sobiq inspektori fuqaro D.N. va uning tanishi fuqaro A.T. 13 nafar fuqaroning ishonchiga kiradi. Ularga markaz rahbari orqali ishsizlik nafaqasi tayinlab berish evaziga 700 AQSH dollari va 6 million so‘mni qo‘lga kiritganliklari aniqlanadi. Ushbu pullar hisobidan fuqaro F.M.ga 500 ming so‘mni qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanadi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA