Finlyandiya va Norvegiya yetakchilari Putinni tinchlikka chaqirdi (+video)
Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb va Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore seshanba kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashdi. Ular Putinni Ukrainadagi urushni tugatish va barqaror tinchlikka erishish maqsadida muzokara boshlashga chaqirdi. Bu haqda “Euronews” yozgan.
– Suhbat ochiq va mazmunli kechdi, – degan Stubb suhbat yakuni bo‘yicha rasmiy bayonotida. – Biz Rossiya bilan qo‘shni mamlakatlarmiz. Bu urush bizga, qolaversa, butun Yevropa xavfsizligiga bevosita daxldor. Jangni to‘xtatish uchun bevosita muloqot zarur.
– Urush o‘ta jiddiy halokatlarga olib kelmoqda, – dedi o‘z navbatida Styore. Odamlarning azob-uqubati, vayronagarchilik bir necha avlodga ta’sir ko‘rsatadi. Muloqot davomida keskinlikni yumshatish muhimligini ta’kidladik.
Norvegiya va Finlyandiya Ukrainaga eng ko‘p harbiy yordam ko‘rsatayotgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Binobarin, ikki davlat rahbarlari Putinga bu yordam davom etishini ham bildirgan.
Kreml ma’lumotiga ko‘ra, Putin javoban “adolatli va uzoq muddatli tinchlikka faqat Rossiya Federatsiyasi qonuniy manfaati to‘liq, so‘zsiz inobatga olingan taqdirdagina erishish mumkin”ligini aytgan. Shuningdek u Yevropa Ittifoqi va NATO mamlakatlarining qarama-qarshilikka asoslangan siyosati harbiy harakat cho‘zilishiga olib kelayotganini ham ta’kidlagan.
Telefon qo‘ng‘irog‘i tashabbusi Stubb va Styoredan chiqqan. So‘zlashuvdan keyin ular Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham maslahatlashgan.
Kiyev yetakchisi ittifoqchilarga faol diplomatik qo‘llab-quvvatlovi uchun minnatdorlik bildirgan.
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA