“Fil” va “ajdaho” murosaga yaqin
Dunyo matbuotida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Xitoy raisi Si Sizinpinning uchrashuvini “Hind fili va Xitoy ajdahosi tinch yashashga qaror qilishdi”, qabilida taʼriflamoqdalar.
Dunyo matbuotida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Xitoy raisi Si Sizinpinning uchrashuvini “Hind fili va Xitoy ajdahosi tinch yashashga qaror qilishdi”, qabilida taʼriflamoqdalar. Darhaqiqat, Osiyoda tinchlik va barqarorlik ishi koʻp jihatdan mana shu ikki qudratli davlatga bogʻliq.
Xitoy va Hindiston rahbarlarining uchrashuvi uzunligi 3,5 ming chaqirim boʻlgan chegaradagi keskinlikni yumshatishga hissa qoʻshdi. Ikki davlat manfaatlari toʻqnash keladigan Kashmir masalasida bosh vazir Narendra Modi va XXR raisi Si Szinpin uchrashuvidan keyin siljish boʻldi. AQSH bilan savdo urushiga tortilgan Xitoy savdo aylanmasidagi taqchillikni kamaytirish maqsadida Hindiston eksporti uchun oʻz bozorini kengroq ochishga vaʼda berdi. Ammo palak otgan eski ziddiyatlar yechilmagan. Dehlini hammadan koʻra, Pekinning Pokiston va Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlariga oshib borayotgan taʼsiri koʻproq tashvishga solyapti. Osiyoning ikki giganti oʻrtasidagi munosabatlarga uzoq vaqtlardan beri davom etayotgan raqobat soya solib kelgan. 1960-yillar boshida u qisqa muddatli urushga, oqibatda qoʻshni hududda isyonchilarni qoʻllab-quvvatlashga aylanib ketdi, soʻngra savdoda bahslar kelib chiqdi. Oʻz mamlakatlarida Szinpin ham, Modi ham juda keng miqyosda ustun liderlarki, bu kabi hodisalar uzoq oʻn yilliklar mobaynida kuzatilmagan. Har holda Hindistonning sharqiy qirgʻogʻidagi yirik port shahar Chennaida va unga qoʻshni tarixiy Mamallapur shahrida ular bir-birlarini diqqat bilan tingladilar va muayyan maʼnoda umumiy til topishishga erishdilar.
New York Times gazetasining yozishicha, Xitoy Hindistonni AQSH bilan yanada yaqinlashishdan tiyib turishga intiladi. Hindiston esa XXR bilan savdo almashinuvida muvozanatni tiklashni istaydi, hozircha XXR 60 milliard dollarlik ustunlikka ega.
Yana bir kelishmovchilik sohasi – bu chegara chizigʻining oʻtishi borasidagi bahslar. 2017-yilda ushbu bahs Himolay togʻlarining baland qismida harbiy qismlarning qarama-qarshiligiga aylanib ketishiga bir baxya qoldi. Aslida Dehli ham, Pekin ham yaxshi oʻzaro munosabatlar ularning jahonda yetakchi kuchga aylanishlariga qaratilgan rejalarning amalga oshishiga xizmat qilishini yaxshi tushunadilar.
Hindiston tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Vidjay Gokxalaning soʻzlariga koʻra, XXR taqchillikni qisqartirish uchun Pekin qadamlar tashlashga tayyorligini maʼlum qilgan. Shu bois yuqori darajadagi amaldorlar guruhini tashkil etishga qaror qilingan. Hindiston tomonidan uni moliya vaziri Nirmala Sitaraman, Xitoy tomonidan bosh vazir oʻrinbosari Xu Chunxua boshqaradi. Ushbu mexanizm orqali hindlar oʻz dorilari va axborot texnologiyalari kompaniyalarining Xitoy bozoriga kirib borishiga umid qilmoqda. Xitoy oʻz navbatida, Hindistonni AQSH bosimiga yon bermaslikka va Huawei telekommunikatsion operatorining Hindistonda 5G tarmogʻini yaratish taklifini qabul qilishga ishontirgan.
Gokxalaning aytishicha, Kashmir masalasi muhokama qilinmagan. Biroq, janob Si Szinpin Kashmir hududida mudofaa sohasida hamkorlikni kengaytirish taklifini ilgari surgan, bu bilan oʻzaro ishonchni mustahkamlashni qasd qilgan boʻlishi mumkin. Agar Xitoy haqiqatan ham bunday tashabbusni ilgari surgan boʻlsa, bu muammoni hal qilish yoʻlida sezilarli tashlangan qadam boʻlardi. Zero, Hindiston XXRning “kichik ukasi” hisoblangan Pokiston bilan koʻp yillik keskin bahslarga giriftor boʻlgan. Rasmiy Dehli mamlakat Konstitutsiyasidan Kashmirning hindlarga tegishli qismidan alohida maqomni bekor qiluvchi moddani olib tashlagach, Pokiston hindlarni musulmonlarni kamsitish va hatto genotsidda aybladi. Pokiston bosh vaziri Imron Xon yadroviy urush ehtimollarini ham tilga oldi.
Pekin, oʻz rasmiylarining bayonotiga koʻra, Pokistonga diplomatik qoʻllov koʻrsatishga tayyor, biroq harbiy mojaroga aralashib qolish ishtiyoqida emas. Axir, Xitoyning ham Pokiston kabi Kashmirning bir qismiga daʼvosi bor. Kashmir shimolidagi baland togʻli Aksay Chin Pekin nazorati ostida. Xitoyliklar u yerdan Pokistonga yoʻl tortishgan.
Bir soʻz bilan aytganda, Pekin va Dehli oralaridagi ziddiyatni izga solishga qaror qilishdi. Pokistonda esa bu voqea Xitoy tomonidan xoinlik sifatida baholanishi mumkin. Ammo Islomobod sarmoyalar va kreditlarga muhtojligi sababidan Pekinga eʼtiroz bildirolmaydi.
Albatta, Pekin va Dehli ikki mamlakat oʻrtasida yangi sahifa ochilishini istaydi. Buning uchun chegara muammosi barham topishi kerak. Toʻgʻri hind-xitoy chegarasida kelishmovchilik yechilmadi. Ammo uzoq vaqt davomida biror oʻq uzilgani ham yoʻq. Mabodo biror uchastkada qarama-qarshilik boshlangan taqdirda ham, voqea joyining oʻzida harbiy qoʻmondonlar masalani tinch yoʻl bilan hal qilyapti. Boshqa tomondan asabiylashishga undovchi muammo bor. Kashmir – hamon ogʻriqli nuqta. Savdo masalasiga keladigan boʻlsak, uni muvozanatga keltirish oson boʻlmaydi.
Narendra Modi bilan uchrashuv yakunlangach Si Szinpin togʻli mamlakat Nepalga yoʻl oldi, uning nazorati ustidan Hindiston va Xitoy bir necha yillardan beri kurash olib bormoqda. Nepalni tashqi dunyo bilan bogʻlovchi barcha muhim savdo yoʻllari Hindiston qoʻlida qolmoqda. Lekin Chinning “Bir makon – bir yoʻl” loyihasi Nepalning iqtisodiy yuksalishiga xizmat qilmoqda. Xitoyliklar katta yoʻllar, aeroportlar, elektrostansiyalarni qurish yoki yaxshilashda yordam koʻrsatishdi. Navbatda Katmanduni Xitoyning Tibeti bilan bogʻlovchi temir yoʻl qurilishi turibdi. Xullas, Nepal masalasida ham Pekin va Dehli oʻrtasida raqobat bor. Hindistonda olib borilgan muloqotlar ana shu raqobatni hamkorlikka aylantirsa ajab emas.
Abduvali Soyibnazarov,
siyosiy sharhlovchi