Figurali uchish: Mamlakat chempionlari aniqlandi
Toshkentdagi “Humo arena” sport kompleksida figurali uchish bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida 30 nafarga yaqin sportchi o‘z yo‘nalishida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Ikki kun davom etgan birinchilikda yigitlar o‘rtasidagi yakkalik bahslarda Azizmurod Shabazov shohsupaning eng yuqorisidan joy olgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasidagi yakkalik bahslarda Niginabonu Jamoliddinova chempionlikni tantana qildi.
Chempionatning o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqalarida Sofiya Vidrina, sport juftligida Jamshid Toshmuhamedov va Anastasiya Sazanova, muz ustida raqsda Konstantin Li va Sofiya Buriyeva 1-o‘rinni egalladi. Shuningdek, Sofiya Lim, Latifaxon Shoisayeva, Varvara Korotkova o‘z yo‘nalishlarida omadli ekanliklarini ko‘rsatdi. Sportchi yoshlardan Timur Zokirov, Amaliya Sulaymonova, Sevinch Rahimova, Ellina Rahmatullayeva, Benazir Baxtiyorova kabilar sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA