FIFPRO FIFAning jahon chempionati huquqlarini sotish rejasi yuzasidan bayonot berdi
Tashkilot bayonotida qayd etilishicha, FIFA Forward Enterprise loyihasi xalqaro futbol boshqaruvi, tijorat rivoji va kelajagiga oid kengroq muhokamalarning bir qismi hisoblanadi.
Professional futbolchilar assotsiatsiyalari xalqaro federatsiyasi (FIFPRO) FIFAning jahon chempionati huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish rejasiga munosabat bildirdi.
Tashkilot bayonotida qayd etilishicha, FIFA Forward Enterprise loyihasi xalqaro futbol boshqaruvi, tijorat rivoji va kelajagiga oid kengroq muhokamalarning bir qismi hisoblanadi.
FIFPRO bunday yirik tashabbuslar shaffoflik, aniq tartib-taomillar va professional futbol kelajagidan manfaatdor barcha tomonlarning mazmunli ishtiroki asosida muhokama qilinishi kerakligini ta’kidladi.
Shuningdek, tashkilot so‘nggi oylarda FIFA bilan o‘zaro anglashuv memorandumi hamda Global ijtimoiy muloqot platformasi doirasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muhim qadamlar tashlanganini eslatdi. Bayonotda futbolchilar professional futbolning asosiy manfaatdor tomonlaridan biri ekani va boshqaruvga oid har qanday qaror ularning mehnat sharoitiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi qayd etilgan.
FIFPRO, shuningdek, bunday muhim tashabbuslar futbolchilar vakillari va boshqa manfaatdor tomonlar ishtirokida ochiq va shaffof tarzda muhokama qilinishi lozimligini bildirdi.
«Futbol hamjamiyatining munosabatlarini hisobga olgan holda, FIFAning asosiy vazifasi futbol sanoatini birlashtirish bo‘lishi kerak, uni bo‘lish emas. Bu kabi muhim qarorlar ultimatumlar orqali emas, balki haqiqiy va inklyuziv muloqot asosida qabul qilinishi zarur», — deyiladi bayonotda.
Tashkilot vaziyatni kuzatishda davom etishini, o‘z vaqtida xabardor qilinishini va qarorlar qabul qilish jarayoniga jalb etilishini kutayotganini ham ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 30-iyul kuni UEFAga a’zo mamlakatlar FIFA jahon chempionati va boshqa musobaqalar huquqlarini xususiy investorlarga topshiradigan bo‘lsa, tashkilot shafeligidagi turnirlarni boykot qilish ehtimolini bildirgan edi.