FIFA prezidentining talabi qondirilmadi
Vankuver politsiyasi Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantinoga kuchaytirilgan kuzatuv taqdim etishdan bosh tortdi.
Vankuver politsiyasi Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantinoga kuchaytirilgan kuzatuv taqdim etishdan bosh tortdi.
30-aprel kuni Vankuverda FIFAning yillik kongressi bo‘lib o‘tadi. Global BC News va The Times nashrlarining xabar berishicha, FIFA tadbir davomida Infantino uchun to‘liq avtomobillar kortejini so‘ragan.
FIFA to‘rtinchi darajali kuzatuv ajratilishini so‘ragan bo‘lib, bu daraja svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtamasdan o‘tish va boshqa harakat ishtirokchilari yo‘lini to‘sib qo‘yish imkonini beradi. Bunday darajadagi kuzatuv AQSH prezidentlarining Kanadaga tashrifi chog‘ida taqdim etiladi. Taqqoslash uchun, Kanada Bosh vaziri pastroq darajadagi kortej bilan qo‘riqlanadi, Rim papasini esa beshinchi darajali kortej kuzatib boradi.
Vankuver politsiyasi FIFAning ushbu iltimosini rad etdi. Vankuver meriyasi bayonotida shunday deyiladi: "Transportni tashkil etish bo‘yicha har qanday choralar tegishli darajada va vaziyatdan kelib chiqqan holda muvozanatli bo‘ladi".