FIFA prezidenti Janni Infantino chiptalar sotuvi masalasida gapirdi
Aprel oyida FIFA jahon chempionati o‘yinlari uchun chipta narxlarini oshirdi.
FIFA rahbari Janni Infantino jahon chempionati o‘yinlari uchun chiptalarning yuqori narxda sotilayotganiga to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, turnir federatsiyaning yagona daromad manbai bo‘lib, u to‘rt yillik sikl mobaynida uning faoliyatini ta’minlashi kerak.
"FIFAning asosiy va hozircha yagona daromad manbai futbol bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib turibdi. Biz bir oyda daromad olamiz va keyingi 47 oy davomida yig‘ilgan mablag‘ni kelgusi mundialgacha sarflaymiz", - dedi Infantino.
Aprel oyida FIFA jahon chempionati o‘yinlari uchun chipta narxlarini oshirdi. Endilikda eng qimmat chipta narxi 10 ming dollardan oshadi. Shuningdek, ikkinchi (7,3 ming dollar) va uchinchi toifadagi (5,7 ming dollargacha) chiptalar narxi ham ko‘tarilgan.
AQSh, Meksika va Kanada yashil maydonlari joriy yilning iyun va iyul oylarida tarixda ilk bor 48ta terma jamoa ishtirok etadigan jahon chempionati bahslariga mezbonlik qiladi.