Fidoyi xodimlar taqdirlandi (+video)
Xabaringiz bor, 25 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, xodimlarning bir guruhi — mamlakatimiz ichki ishlar organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimizda jamoat xavfsizligi, xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi ibratli faoliyati, sharafli burchini bajarishda mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatgani, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi alohida xizmatlari uchun «Jasorat», «Sodiq xizmatlari uchun», «Shuhrat» medallari hamda «Mardlik» va «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandilar.
28 oktyabr kuni, IIVning Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti markaziy apparati binosida yana bir guruh xodimlar – quyi tizimidagi bo‘lim va bo‘linma rahbarlari, profilaktika inspektorlari hamda patrul post xizmati safdor xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mukofotlangan xodimlar unvonlar, faxriy yorliqlar, tashakkurnoma va qimmatbaho esdalik sovg‘alarini Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – general-mayor B.Mirzaraximov tomonidan tantanali ravishda qabul qilib oldilar.
Bundan tashqari, IIV buyrug‘iga asosan turar joy sotib olgan xodimlarga dastlabki 25% miqdorida badal puli to‘lab berilganligi to‘g‘risidagi vaucherlar topshirildi.
Bayram munosabati bilan shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi transport prokurori nomidan hamda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ rahbariyati tomonidan yo‘llangan tabriknoma o‘qib eshittirilib, IIOlarining bir qancha xodimlari maxsus esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boshchiligida tashkil etilgan “ENG YAXSHI EKSPERT – KRIMINALIST” ko‘rik tanlovining respublika bosqichida faxrli I-o‘rinni egallagan katta leytenant Ikromjon Yo‘ldashev Ichki ishlar vazirining I- darajali diplomi va 9 800 000 so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Taqdirlangan uch nafar xodim va ota-onalar tabrik uchun so‘zga chiqib, Ichki ishlar organlari xodimlarining kamtarona xizmatlari yuksak baholanayotganini ta’kidladilar va O‘zbekiston Prezidenti hamda Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Tadbir so‘ngida o‘z xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan xodimlar xotirasiga bag‘ishlab tayyorlangan videorolik namoyish etildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/_TW5FYuw3Nc" title="Fidoiy xodimlar taqdirlandilar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Ma’lumot uchun, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining buyrug‘i bilan jami 2836 nafar xodim rag‘batlantirildi. Ulardan 2687 nafar xodimlar - pul mukofoti, 90 nafar xodim va 21 nafar faxriylarga – tashakkurnomalar topshirildi.
37 nafar xodimlarning ilgari berilgan intizomiy jazolari rag‘batlantirish tariqasida muddatidan oldin bekor qilindi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA muxbiri