Fidoyi mehnatga rahmat
Mubolagʻa emas, jamiyatimiz taraqqiyotining kelajagi, jismoniy tarbiya va sport ishlarining rivoji hamda har tomonlama yetuk avlodni voyaga yetkazish bevosita oʻqituvchi va murabbiylarga bogʻliq.
Mubolagʻa emas, jamiyatimiz taraqqiyotining kelajagi, jismoniy tarbiya va sport ishlarining rivoji hamda har tomonlama yetuk avlodni voyaga yetkazish bevosita oʻqituvchi va murabbiylarga bogʻliq. Shu sababli mamlakatimizda ustozlarning mehnati qadrlanyapti, ularga har jihatdan gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqda.
Bu Xorazm viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan bayram tadbirida ham alohida taʼkidlab oʻtildi.
Tantanada soʻzga chiqqan viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi Shokir Madaminov mamlakatimizda moʻtabar zot - oʻqituvchi va murabbiylarning obroʻ-eʼtiborini yanada oshirish, ularning yoshlarimizni jismonan va maʼnan sogʻlom ruhda voyaga yetkazish yoʻlida olib borayotgan masʼuliyatli, sharafli va xayrli ishlariga toʻxtalib, qutlugʻ ayyom bilan muborakbod etdi.
Shuningdek, xorazmlik sportchilarning mamlakatimiz miqyosidagi chempionat va birinchiliklarida, nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qayd etayotganiga ham eʼtibor qaratib, sportchilarning ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritishida fidoyilik koʻrsatayotgan voha sporti vakillaridan bir guruhini boshqarmaning faxriy yorliqlari bilan taqdirladi. Tabiiyki, bu ragʻbat xorazmlik soha xodimlarini yangi-yangi marralar sari yetaklaydi.