FIDE: Yangilangan reytingda shaxmatchilarimizning o‘rni qanday?
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) joriy yil mart oyining yangilangan reytingini e’lon qildi.
Kattalar o‘rtasidagi TOP-100 talikda yetakchilikni doimgidek sobiq jahon chempioni, norvegiyalik Magnus Karlsen ushlab turgan vaziyatda, kuchli o‘nlik o‘rinlarida "Tata Steel Masters 2025" turniridagi natijalar tufayli bir oz o‘zgarish yuz berdi.
Klassik shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni hindistonlik Dommaraju Gukesh Veyk-an-Zeyeda kechgan bahslarda 10 ochko jamg‘argan holda ilk marta 5-o‘rindan 3-o‘ringa ko‘tarildi. Uning hamyurti "Tata Steel Masters 2025" turniri g‘olibi Pragnanandxa Rameshbabu 17 ochko bilan kuchli o‘nlikdan joy olishga muvaffaq bo‘ldi.

Yangilangan reytingda mamlakatimiz shaxmatchilarining 5 nafari o‘rin olgan bo‘lib, Nodirbek Abdusattorov 2773 ochko bilan 6, Javohir Sindorov 2707 ochko bilan 29, Rustam Qosimjonov 2675 ochko bilan 49, Shamsiddin Vohidov 2670 ochko bilan 51, Nodirbek Yoqubboyev 2654 ochko bilan 71-pog‘onada bormoqda.
O‘tgan fevral oyidagi reyting bilan taqqoslaganda shaxmatchilarimizdan Javohir Sindorov reytingdagi o‘rnini 2 pog‘onaga, Sh.Vohidov bir pog‘onaga, N.Yoqubboyev 5 pog‘onaga yaxshilagan. R.Qosimjonov 2 pog‘ona pastladi.
Hamyurtimiz Gulruhbegim Tohirjonovaning AQSH terma jamoasidan O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga o‘tganidan so‘ng TOP-100 ayollar reytingida 2 nafar vakilimiz nomi qayd etiladigan bo‘ldi. Tohirjonova 2369 ochko bilan 73, Afruza Hamdamova 2350 ochko bilan 97-qatordan joy olib turibdi. Reytingda 2633 ochko bilan xitoylik Xou Ifan yetakchilik qilmoqda.
Yosh shaxmatchi yigitlarning TOP-100lik reytingida Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov, Muhammadzohid Suyarovning borligi, yosh shaxmatchi qizlarning TOP-100lik reytingida Afruza Hamdamova (2350) va Guldona Karimova (2160) ning nomlari qayd etilgani iste’dodli shaxmatchilarimizning yangi avlodi jahon sport sahnasiga o‘ziga xos shijoat bilan kirib kelayotganidan dalolat.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA