Festivalda olis qishloq yoshlari jam bo‘ldi
Olis qishloqlarda iste’dodli yoshlar ko‘p. Ammo ularning qobiliyatlari har doim ham yuzaga chiqavermaydi. “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” g‘oyasi asosida o‘tkazilayotgan “Yoshlar festivali” tadbirlari chekka-chekka qishloqlardagi iqtidorli yoshlarni kashf etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani Chandir qishlog‘ida tashkil etildi. Asosan turkman millatiga mansub aholi yashaydigan hudud urf-odatlari, milliy taomlari, o‘zgacha an’analari bilan ajralib turadi. Chandir qishlog‘idagi 34-umumta’lim maktabida tashkil etilgan ko‘rgazmalarda bu yana bir o‘z isbotini topdi. Xususan, turkman milliy taomlari, milliy liboslari, harbiy qurol aslahalar namoyishlari o‘quvchi yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, havaskor polvonlar ishtirokidagi kurash musobaqasi qizg‘in kechdi. Sport gimnastikasi ishtirokchilarining chiqishi ham ajoyib bo‘ldi.
– Bir necha yillardan buyon sport gimnastikasi bo‘yicha ustozim Ziyod Adirov qo‘l ostida mashg‘ulotlarga qatnashib kelaman, – deydi 34-maktabning 6-sinf o‘quvchisi Ibrohim Panjiyev. – Joriy yil men uchun muvaffaqiyatlarga boy yil bo‘ldi. Boisi 26-30 aprel kunlari sport gimnastikasi bo‘yicha poytaxtda o‘tkazilgan “O‘zbekiston chempionatida” faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Maqsadim ushbu sport turi bo‘yicha yurtim bayrog‘ini jahon arenalarida yuksaklarga ko‘tarish.
Shu kuni besh tashabbus bo‘yicha tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yini, sport musobaqalari, hunarmandchilik ko‘rgazmalari va hokazo barcha-barchasi chandirlik iste’dodli yoshlarni bir joyga jamladi.
[gallery-9484]
– Bugun atayin tumanimizdagi eng chekka hududda yoshlar festivalini tashkil etganmiz, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Mirishkor tuman bo‘limi rahbari Abror Rajabqulov. – Chunki tuman markazida ko‘plab targ‘ibot tadbirlari o‘tkaziladi, ammo chekka qishloq yoshlarini qamrashning imkoni bo‘lmaydi. Shu maqsadda bugun Chandir qishlog‘ida yoshlar festivalini tashkil etish orqali ko‘plab iqtidor sohiblarini kashf etishni maqsad qilganmiz.
Tadbir doirasida tuman sektor rahbarlarining yoshlar bilan sayyor qabuli ham bo‘lib o‘tdi. Qabul davomida 62 nafar yoshdan turli sohalarga oid murojaatlar kelib tushdi. Qator muammo va murojaatlar joyida qanoatlantirildi. Jumladan, 24 nafar talabaning ta’lim kontrakt shartnoma pullari to‘lab berishni so‘rab qilgan murojaatlari qanoatlantirildi. Shuningdek, 21 nafar tikuvchilik qilib, bandligini ta’minlashni bildirgan yoshga subsidiyalar asosida tikuv mashinalari berildi. 3 nafar yoshning safarbarlik chaqiruv xizmat badali to‘lab beriladigan bo‘ldi. 3 nafar yoshga payvandlagich, 2 nafariga kompyuter jamlanmasi, 9 nafariga huquqiy tushunchalar berildi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.