Fermer aya kimlardan ranjiydi?
Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi “G‘alaba” qishlog‘ida yashovchi Rohatoy aya Nazarovani yoshu-qari yaxshi taniydi. Jonkuyar aya 40 yil o‘z qishlog‘idagi «Rayhon» nomli bolalar bog‘chasida tarbiyachi bo‘lib ishlagan. Marhum turmush o‘rtog‘i Shirinboy ota Do‘stnazarov bilan 5 nafar farzandni oq yuvib-tarab, o‘qimishli, kasb-hunarli, ishbilarmon qilib tarbiyaladi, 11 nabiraning duogo‘y, maslahatchi, sevimli buvijonisi bo‘ldi.
Nafaqaga chiqqandan so‘ng, 1999 yilda jamoa xo‘jaligidan 6 gektar yer olib, oilaviy pudrat asosida mehnat kildi. 2005 yillarda yana 7 gektar yer olib «Rohatoy Nazarova» fermer xo‘jaligini tashkil etdi. Dehqonchilik yo‘l-yo‘riqlarini puxta o‘rganib olgan aya, keyinchalik 60 gektar yerni tenderda yutib olib, yana astoydil yeng shimarib mehnat qila boshladi. Qishning sovug‘i, yozning jazirama issiq kunlari ham asl dehqonning irodasini buka olmadi. Fermer xo‘jaligi jamoasi bir tan, bir jon bo‘ldi.
Daladan shom qorong‘usida uyga qaytgach, o‘z tomorqasida kartoshka, piyoz, karam, sarimsoq, pomidor, lavlagi kabi sabzavot ekinlarini yetishtirib ro‘zg‘oridan ortganini bozorlarda sotib daromad qildi.

– Mehnat qilib kam bo‘lmadik, – deydi Rohatoy aya. – Farzandlarim, kelinlarim, nabiralarim ham bir zum bo‘sh o‘tirmay foydali mehnat bilan band bo‘ldi. Ro‘zg‘orimiz but, dasturxonimiz to‘kin. Mahalla-ko‘yda hurmat topib, ko‘pchilikka ibrat bo‘ldik. Ayrim ayollar va yoshlarga hayronman. Nogironlarni tushunaman, lekin to‘rt muchchasi sog‘ bo‘la turib mehnatga bo‘yni “yor bermay” kimningdir qo‘liga qarab, mute bo‘lib o‘tirgan odamlarning “ish”idan qattiq ranjiyman. Butun oilamiz bilan umr bo‘yi, kechayu-kunduz mehnat bilan bandmiz. Chunki saodatning kaliti mehnatdadir.
Bu oila ferma tashkil qilgan. Unda kurka, tovuqlar, qo‘chqorlar, sog‘in sigirlar, novvoslar, 47 ta otni ko‘rib, hayratimizni yashira olmadik.
– Hammasi farzandlarim va nabiralarimning mehnatlari samarasi, – deydi Rohatoy aya. – Bog‘da ekilgan gilos, olma, nok, o‘rik, behi, anor, uzum, shaftoli kabi 300 dan ziyod mevali daraxtning mavjudligi Nazarovlar oilasining xaqiqiy mirishkor bog‘bon ekanligidan dalolat beradi. Ular tomorqasida mevali daraxtlar ko‘chatini yetishtirib, qarindosh-urug‘lariga, mahalladoshlariga, tanish-bilishlariga tekinga tarqatadi. Ularning ham hovlisida o‘ziniki kabi bog‘lari bo‘lishini istaydi. Oltmish sakkiz bahorni ko‘rgan Rohatoy aya jamoat ishlarida ham faol. Xalq deputalari Sayxunobod tumani Kengashining deputati sifatida ham ibratli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Rohatoy Nazarova yordamga muhtoj, qiynalib qolgan mahalladoshlariga hamisha yordam qo‘lini cho‘zib keladi, ularga mehnat qilish kerakligini ta’kidlaydi. O‘tgan yili Sardoba suv ombori o‘pirilishi natijasida ko‘makka muhtoj bo‘lgan oilalardan ham yordamini ayamadi.
Mehnatkash, tinib-tinchimas o‘zbek ayoli sabr bilan mehnat kishining yelkasiga oftob tegishiga sabab, deb biladi. Hamisha shukr etish kerakligini aytadi.
Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA