Faxriylar o‘rtasida futbol turniri o‘tkazildi
Toshkentda "Paxtakor" klubi afsonalaridan biri Mixail An xotirasiga bag‘ishlab faxriylar o‘rtasida turnir tashkil etildi. Musobaqa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati va O‘zbekiston koreys madaniyat markazlari uyushmasi raisi Viktor Pak ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Turnirda Koreya Respublikasi, AQSH, Qirg‘iz Respublikasi va Qozog‘iston mamlakatlarining O‘zbekistondagi elchilari tashrif buyurdi. Musobaqada 8 jamoa – "Paxtakor" faxriylari, Koreys madaniyat markazlari uyushmasi terma jamoasi, Toshkentdagi Puchon universiteti jamoasi, OAV termasi, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Koreya Respublikasi va AQSH elchixonalari jamoalari ishtirok etdi.

Do‘stona ruhda o‘tkazilgan musobaqada Qirg‘iz Respublikasi elchixonasi jamoasi g‘olib bo‘ldi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, bu kabi turnirlar Mixail An xotirasini yodga olish orqali umumiy tarix va sport orqali xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA