Faxriy huquqshunoslar sharaflandi
Navoiy viloyati adliya boshqarmasida adliya organlarining 30 yilligi munosabati bilan “Adliya vazirligiga 30 yil” esdalik nishonlari topshirildi.
Tadbirda jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, aholiga sifatli huquqiy xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va bu jarayonda adliya organlarining o‘rni xususida so‘z yuritildi. Ko‘p yillik samarali va fidokorona mehnatlari uchun adliya, davlat xizmatlari boshqarmalarida, FHDYO, notariat, advakatura tizimida faoliyat yuritayotgan bir guruh xodimlar va faxriylarga “Adliya vazirligiga 30 yil” esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

– Adliya organlari tizimida faoliyat boshlaganimga 26 yil bo‘ldi, – deydi viloyat adliya boshqarmasi huzuridagi idoraviy notarial arxiv mudirasi Xursanoy Jo‘rayeva. – Tizimda turli lavozimlarda faoliyat yuritdim. bugungi kunda ustozlar safida e’tirof etilayotganimdan nihoyatda xursandman. Adliya bu adolat degani, ana shu ummonning bir tomchisi ekanligimdan faxrlanaman.

Uchrashuvda faxriy huquqshunoslar inson qadrini ulug‘lash, doimo ularning manfaati birinchi o‘rinda ekanligini yodda tutish lozimligini ta’kidlab, o‘z hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Tizimda mehnat qilayotgan yoshlarni qiziqtirgan savollariga hayotiy misollar bilan atroflicha javob berishdi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA.