Faxrimsan, iftixorimsan yurtim bayrog‘i
Navoiy shahridagi davlat bayrog‘i o‘rnatilgan xiyobonda viloyat va shahar hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, harbiy qismlar, korxona, tashkilotlar va keng jamotachilik vakillari ishtirokida 18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 29 yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbir avvalida orkestr jo‘rovozligida O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi. Shundan keyin viloyat hokimi Qobul Tursunov so‘zga chiqib, milliy g‘ururimiz va iftixorimiz bo‘lgan bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrat shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stligini mujassam etganganligi, uning bugungi hayotimizda va yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.
Bugun bayrog‘imiz davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalar peshtoqida hilpirab turibdi. Shuningdek, turli bayram va tantanalarda, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida baland ko‘tarilmoqda.

Ayniqsa, xalqaro sport arenalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchilarimiz sharafiga madhiyamiz yangirab, yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilgan lahzada har birimizning qalbimizni hayajon chulg‘ab, ko‘zlarimiz namlanganligi rost.
– Davlat ramzlari mamlakatimizning mustaqilligini, xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etgan. Mustaqil davlatimiz bayrog‘i esa tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz timsolidir, – deya ta’kidladi viloyat hokimi o‘z so‘zida.
Bayroqdagi moviy rang – musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzi bo‘lsa, oq rang – tinchligimiz, yashil rang – tabiatning yangilanishi, qizil chiziqlar esa davlatimiz farovonligi, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida o‘zaro hamjihatlik bilan hormay-tolmay mehnat qilayotgan yurt farzandlarining vujudida oqayotgan hayotiy qudrat ramzidir.
Yoshlar va san’atkorlar tomonidan ijro etilgan she’rlar hamda kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA