Favqulodda vaziyatlar bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi
Inson hayoti — eng oliy qadriyat. Uni asrash, har qanday favqulodda vaziyatning oldini olish, tabiiy va texnogen xususiyatdagi ofatlar oqibatlarini imkon qadar tez va samarali bartaraf etish har qanday jamiyat uchun eng muhim vazifalardan biridir.
Bugun yurtimizda aholi xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularga tezkor javob qaytarish tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat rahbari tashabbusi bilan inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning tinch va osoyishta hayotini ta’minlash, qutqaruv xizmatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bugun o‘zining amaliy samarasini namoyon etmoqda.
Shu ma’noda, Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida Favqulodda vaziyatlar bo‘limining zamonaviy, barcha zarur sharoitlarga ega yangi binosi foydalanishga topshirilgani ayni muddaodir.
Yangi inshootni ta’mirlash, jihozlash va zarur infratuzilma bilan ta’minlash ishlariga mahalliy byudjet hamda tarmoq korxonalari mablag‘lari hisobidan qariyb 3,5 milliard so‘m yo‘naltirildi.

Zamonaviy binoda xodimlarning xizmat vazifalarini munosib sharoitlarda bajarishi uchun barcha imkoniyatlar yaratildi. Xususan, shinam yotoqxona, zamonaviy ovqatlanish xonasi, majlislar zali, kutubxona va alohida xizmat xonalari tashkil etildi.
Yangi binoning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning oqibatlarini bartaraf etish tizimini yanada takomillashtirish, qutqaruvchilar uchun zamonaviy va qulay xizmat sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda xodimlarning xizmat vazifalarini yanada samarali, tezkor va sifatli bajarishini ta’minlash maqsadida yangi maxsus avtomashinalar ham tantanali ravishda topshirildi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoni — inson manfaati. Bu tamoyil favqulodda vaziyatlar tizimida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Zero, qutqaruvchi o‘z vazifasini qanchalik samarali bajarsa, aholi xavfsizligi ham shunchalik ishonchli ta’minlanadi. Qutqaruvchilar uchun munosib xizmat sharoitlarini yaratish esa, aslida, xalqimiz hayoti va osoyishtaligini asrashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri