Farzandlarmiz baxtli boʻlsin...
Ikkinchi jahon urush qatnashchilarining jasorati va matonati hech qachon unutilmaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi, Nukus shahar hokimligi vakillari Xotira va qadrlash kuni oldidan Nukus shahrida istiqomat qiluvchi ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Qadirboy Narmanovning xonadonida boʻlib, bayram sovgʻalarini topshirdi.
Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbarining joriy yil 30-martdagi ”Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni asosida bugun ham saflarimizda turib, Vatan obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qoʻshayotgan faxriylarni eʼzozlash, urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy ragʻbatlantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu farmonga muvofiq, faxriyga 10 000 000 (oʻn million) soʻm miqdorida pul mukofoti, Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining “1941-1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida erishilgan gʻalabaning 75 yilligi” medallari, “Oʻzbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan hissasi” nomli kitob-albomi, “Oʻzbekistonlik Ikkinchi jahon urushi qahramonlari” nomli kitob va esdalik sovgʻalar topshirildi. Shuningdek, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi, Nukus shahar hokimligi tomonidan sovgʻalar ham berildi.
–Biz urush qatnashchilariga koʻrsatayotgan alohida gʻamxoʻrligi uchun Prezidentimizga ming rahmat, – deydi Qadirboy Narmanov. – Osmonimiz ochiq, turmushimiz bundan ham farovon, farzandlarimiz baxtli boʻlsin.
Ikkinchi jahon urush qatnashchilarining jasorati va matonati hech qachon unutilmaydi. Ularning hayot yoʻli kelgusi avlodga namuna boʻlib qoladi.