Farzand ona tarbiyasiga olib berildi
Afsuski, so‘nugi vaqtlarda bo‘layotgan oilaviy ajralishlar farzandlar taqdiri, ularning kelgusida ota yoki ona bilan qolishi, ta’minoti kabi og‘riqli masalalarni kun tartibiga chiqarib qo‘ymoqda.
Jumayevlar oilasi ham yaxshi orzu-umidlar bilan oila qurgan, farzandli bo‘lgan. Shunday ulug‘ ne’matga shukrona keltirish, farzandlarini har jihatdan komil insonlar etib tarbiyalash ota-onaning asosiy burchi edi. Biroq er-xotinning kelishmovchiliklari sabab oila parokanda bo‘ldi. Farzand esa sarson-sargardon, aro yo‘lda qoldi.
Endi uning tarbiyasi, salomatligiga kim qayg‘uradi?
– Shunday vaziyatda ona sudga murojaat qildi, – deydi MIB Qarshi shahar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Qodir Karimov.
– Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudi 10 yoshli Temurbekni onasi M.Xamrayevaning tarbiyasiga olib berish haqida qaror qabul qildi. Ushbu ijro varaqasi majburiy ijro byurosi Qarshi shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgach, darhol ijro harakatlariga kirishildi va qarzdorga sud qarorini ixtiyoriy bajarish uchun muddat berildi. Ammo qarzdor, o‘z xohishi bilan bolani bermagach, davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida Temurbek onasi tarbiyasiga olib berildi.
O‘.Barotov, O‘zA