Farmon Toshev bilan ijodiy muloqot (+video)
Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi va shoir Farmon Toshev bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimi tadbirni ochar ekan, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni milliy qadriyatlar va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda adib va shoirlarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, Farmon Toshevning ko‘p yillik samarali ijodiy faoliyati, jurnalistika va adabiyot rivojiga qo‘shgan munosib hissasi yuksak e’tirof etildi.


Farmon Toshev uchrashuv davomida o‘zining ijodiy izlanishlari, hayot yo‘li va qalam ahlining jamiyat taraqqiyotidagi mas’uliyati haqida so‘z yuritdi. Adib yangi asarlari, she’rlari va xotiralaridan namunalar o‘qib berib, yoshlarni kitob bilan do‘st bo‘lishga, mustaqil fikrlashga va Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashashga chaqirdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan adabiyot, jurnalistika, ijod sirlari va hayotiy tajribaga oid qator savollar berildi. Farmon Toshev har bir savolga atroflicha javob qaytarib, o‘z tavsiya va maslahatlarini bildirdi.


Uchrashuv davomida shoir Vatan, inson qadri, mehr-oqibat va ma’naviyat mavzulariga bag‘ishlangan she’rlaridan namunalar o‘qidi.
Ijod muxlislari Farmon Toshevga samimiy minnatdorlik bildirdi. Bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar yosh avlodning intellektual va ma’naviy kamolotiga xizmat qilishi qayd etildi. Ishtirokchilar esa adib bilan esdalik suratlariga tushib, uning kitoblaridan dastxat olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/JhkbsHECT0s" title="Farmon Toshev bilan ijodiy muloqot" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA