“Farhod va Shirin” dostoni – lotish kitobxonlarining eng sevimli asari
Bugungi davr ma’naviy-ma’rifiy sohadagi islohotlar samaradorligini oshirish, uni har jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishni talab etmoqda. Oldimizda adabiy-tarixiy manbalarni o‘rganish asosida qadim qo‘lyozmalarimiz xazinalarini boyitish, xorijiy davlatlarning qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan, fanga noma’lum bo‘lgan madaniy merosimiz namunalaridan iborat kataloglar tuzish, jumladan, Alisher Navoiyning xorijda saqlanayotgan qo‘lyozma manbalarini har tomonlama chuqur o‘rganish, shoirning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini targ‘ib etish kabi dolzarb vazifalar turibdi.
Jahon navoiyshunosligi tadriji va takomiliga nazar soladigan bo‘lsak, Alisher Navoiy ijodining Fransiya, Amerika, Germaniya, Finlyandiya, Niderlandiya, Yaponiya, Rossiya kabi bir qancha davlatlarda o‘rganilgani, asarlarining bir necha dunyo tillariga tarjima qilinganining guvohi bo‘lamiz.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Gulnoz Xalliyeva Latviya davlati kutubxonalarida shoir asarlari qanday saqlanayotgani va ardoqlanib o‘rganilayotgani bilan qiziqdi. Yevropa fondlarida saqlanayotgan, O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan turkiy qo‘lyozmalarning ma’lumotlar bazasini o‘rganish jarayonida ko‘plab yangi ma’lumotlar to‘pladi.
– Latviya universiteti huzuridagi akademik kutubxonaning “O‘zbek tili markazi”da kutubxona direktori Venta Kotsere bilan qiziqarli suhbat qurdim, – deydi G.Xalliyeva. – Venta Kotsere xonim Latviyada o‘zbek adabiyoti va madaniyatiga bo‘lgan chuqur hurmat, Alisher Navoiy asarlarining lotish tiliga tarjimalari, kutubxonaning 400 yillik tarixi va u yerda mavjud qo‘lyozmalar, ko‘rgazmalar haqida so‘zlab berdi. Jumladan, tarjimalar orasida lotish yozuvchisi Pavils Vilipsning “Farhod va Shirin” dostoni tarjimasi alohida o‘rin tutishi, ushbu asar lotish kitobxonlarining eng sevimli kitobi ekanini ta’kidlab o‘tdi.
Pavils Vilips – latviyalik yozuvchi, tarjimon va davlat arbobi, 1901-1979 yilllarda yashagan. 1948 yilda “Farhod va Shirin” dostonining tarjimasini nashr qildirgan. Kitob so‘zboshisida ilk bor lotish kitobxonini Alisher Navoiyning tarjimai holi, asarlarining jahonshumul ahamiyati bilan tanishtirgan. Farhod va Shirinning muhabbati vatanga, xalqiga va butun insoniyatga bo‘lgan muhabbat timsoli ekanini e’tirof etgan.
Shuningdek, olima Latviya universitetida Markaziy Osiyoni o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilayotgani, bu borada professor Leons Gabriyels Taivansning tadqiqotlari, Sharq kafedrasi, Osiyoni o‘rganish markazi ochilishida olimning tashabbusi va xizmatlari borasida ham to‘xtalib o‘tilganini ta’kidladi.
N.Rahmonova, O‘zA muxbiri.