Farg‘onaning zotdor ona asalarilari (+video)
G‘anijon Yo‘ldoshev bolalikdan asalarichilikka qiziqqan. O‘zining xotirlashicha, otasi Tolibjon aka u hali maktab o‘quvchisi ekanidayoq 2 ta oila asalari qilib bergan ekan. Shu-shu G‘anijon Yo‘ldoshev umrini asalarisiz tasavvur qila olmaydi. Farg‘onada yangi ona ari olmoqchi bo‘lganlar G‘anijon aka “fabrika”siga bordik, deyishadi.
Yo‘q, fabrika majoziy ma’nodagi nisbat. Aslida bog‘lar cheti, dala atroflari, tog‘lar, yaylovlar G‘anijon akaning “fabrikasi”dir. Shu joylarda u eng zotdor ona ari yetishtiradi. Buning uchun o‘zi ixtiro qilgan qurilmalar bor. Asalari sutidan uyachalarga quyadi. So‘ng...
–10 kun deganda ona arilar tayyor bo‘ladi. 12 kunda uyadan chiqishni boshlaydi. 3 kundan keyin 200 metr tepalikda uchadi, – deydi Tolibjon G‘aniyev fermer xo‘jaligi rahbari G‘anijon Yo‘ldoshev. – Bitta ona ari kamida 12 ta erkak ari bilan chatishadi. Shundan keyin u zotli ona ariga aylanadi. Asalari onalari 1 sutkada ming, 1,5 mingtagacha tuxum qo‘yadi. Alloh ularni shunaqa, tez ko‘payadigan qilib qo‘ygan.
G‘anijon aka yaratgan asalari oilasi hamisha sifatli va mo‘l miqdorda asal beradi. Buning birlamchi sababi – zotning tozaligidan ekan.
–Asalari oilasida ham yaqin qarindoshlik uchraydi, – deydi G‘anijon Yo‘ldoshev. – Uning oldini olish uchun Ukrainadan, Germaniyadan yangi zotlarni olib kelamiz. Germaniyadan “krainka”, “bekfast” zotlarini, Ukrainadan esa “polesskiy”, “stepnaya”, “vuchkovskiy” zotlarini olib kelamiz. Maqsad har yili asalari qonini almashtirib turish. Sog‘lom onadan sog‘lom farzand deganlaridek, shunday qilinganda sog‘lom arilar paydo bo‘ladi. Sog‘lom arilardan esa hosil mo‘l olinadi.
Shu kunlar ona asalari ko‘paytiradigan palla. G‘anijon akaning qo‘li-qo‘liga tegmaydi.
–Biz ishlab chiqargan yangi zotli ona arilarni atrofimizdagi barcha asalarichilarga tarqatamiz, – deydi G‘anijon Yo‘ldoshev.
Ha, darvoqe, Prezidentning maktab o‘quvchilari o‘qish bilan birga kasb-hunarli bo‘lishi lozimligi haqidagi tashabbusidan so‘ng mahallasidagi maktabning 30 nafar o‘g‘il-qizlari G‘anijon akaga ariboqar bo‘lib shogird tushgan.
Tolibjon G‘aniyev fermer xo‘jaligida 600 dan ziyod qutida asalari boqilyapti. 2022 yilda 6,5 tonna yuqori sifatli asal yetishtirildi.
Farg‘ona, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida tog‘ va yaylovlardagi daraxt hamda o‘simliklar gulga kirganida qutilarni olib boradilar. Chunki asal xususiyati nimaning gulidan yig‘ilganiga bog‘liq.
G‘anijon aka ta’kidlashicha, har xil giyohlar har xil asal chiqaradi. Misol uchun oq qoray asalining tarkibida yurakka quvvat beruvchi moddalar ko‘p. Tog‘ asallari esa nafas yo‘li, bronxit, astmani davolashda shifobaxsh. Paxta asali ichki a’zolarga davo.
–2022 yilning yozi eng shifobaxsh asal berdi, – deydi G‘anijon aka. – Yozda, 55 gradus issiqda Gulistonda asal oldik. Bunday asal quyoshning binafsha nurlariga to‘yingan bo‘ladi.
G‘anijon akaning asal ombori bo‘shab qolgan, hozir eng so‘nggi sig‘imlardagi hosilni qadoqlayotgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, asalari mumi ham shifobaxshlikda asaldan qolishmas ekan. Mohir asalarichi o‘zi asaldan tayyorlagan shifobaxsh aralashmalarni maqtadi:
–Asalarining mumi inson organizmidagi kaliy moddasini boyitadi. Shifokorlarimiz asalari saqichini tarkibida shu modda ko‘pligi uchun tavsiya qiladilar. Asalga yong‘oq, mayiz, o‘rik, achchiq bodom mag‘izi aralashtirilsa immunitetni ko‘taradi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qsWRUQE8bOQ" title="Farg‘onaning zotdor ona asalarilari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe> G‘anijon akaning uch o‘g‘li, ikki nabirasi oilaviy an’anani davom ettirdilar. Ular ham bugun nomi chiqqan asalarichilar ro‘yxatidan joy olishgan va yaqin kunlarda o‘tajak asal bayramiga hozirlik ko‘rishmoqda.
Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov(video)
O‘zA