Farg‘onaliklar Sirdaryo viloyatida bog‘lar yaratmoqda
Farg‘ona zamini haqida gap borganda, uni ulkan, serhosil bir boqqa qiyos etishadi.
Bu bejiz emas, albatta. Mamlakatimizdagi bog‘ maydonlarining beshdan bir qismi viloyatimizda bo‘lib, har yili mo‘l hosil yetishtirilmoqda.
Quvaning anori, Oltiariqning uzumi, Rishtonning qantak o‘rigi, Buvaydaning anjirini bir tatib ko‘rgan har qanday odam, avvalambor, bu zamin saxovatiga, qolaversa, farg‘onalik usta bog‘bonlarning mehnati va mahoratiga albatta qoyil qoladi.
Shunisi diqqatga sazovorki, keyingi paytda viloyatda yangi bog‘-rog‘lar ko‘payib, shirin-shakar mevalarni yetishtirish hajmi ortib bormoqda. Joriy yildan boshlab esa, mamlakatimizning boshqa hududlarida ham bog‘lar yaratishga kirishildi.Xususan, Sirdaryo viloyatidan bir ming gektar yer maydoni ajratildi. 80 nafar talabgorlar Sardoba, Boyovut, Xovos, Guliston va Mirzaobod tumanlarida yer maydonlarini o‘rganib, dehqonchilik qilish istagini bildirdi. Yozyovon, Qo‘shtepa, Quva, Toshloq va Rishton tumanlaridan 35 nafar bog‘bonga yer maydoni ajratildi.
- Boyovut tumanidan 86 gektar yer olib, bog‘ qilishni boshladik, - deydi quvalik Erkinjon Toshpo‘latov bizga telefon suhbati chog‘i. - Anor, olma, gilos, shaftoli ko‘chatlarini ekish harakatidamiz. Ayni kunlarda yerlarni ekinga tayyorlash jarayoni ketmoqda.
Hozirgi kunda 593 gektar yerda bog‘ tashkil etish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Sirdaryo viloyatida farg‘onaliklarning mehnati bilan bog‘-rog‘lar ko‘payib, elimiz dasturxoni sarxil mevalar bilan to‘ladi.
M. Sulaymonov, O‘zA
M. Qodirov olgan surat