Farg‘onaliklar davlat xizmatlari markazlaridan mamnunmi?
Farg‘ona viloyatidagi 19 ta davlat xizmatlari markazlari tomonidan 2018 yildan 2021 yilning birinchi choragiga qadar jismoniy va yuridik shaxslarga 3 million 185 ming 572 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Shundan 55 mingdan ortig‘i chekka va olis hududlarga borgan holda imkoniyati cheklangan, yolg‘iz, keksa fuqarolarga mobil tartibda tashkil etilgan.
Ilgari yashab turgan xonadonimizning kadastr hujjatini tayyorlashga oylab, hatto yillab qimmatli vaqtimizni sarf qilganmiz. Hujjatbozlikning ko‘pligidan aksariyat fuqarolar “tinchgina” o‘tirishni afzal bilishardi. Bugun-chi? Odamlar biror yumushga ehtiyoji tushsa, darhol Davlat xizmatlari markazlariga bormoqda. Kundalik turmushimizda tez-tez uchrab turuvchi xizmatlar endilikda tezkor, qulay va shaffof holda deyarli har bir oilaga kirib bordi. Yaratilgan shart-sharoit qimmatli vaqtni tejash, turli ovoragarchilik va xarajatlarning oldini olish imkonini bermoqda.

Pandemiya sabab butun dunyoda boshlangan karantin cheklovlari barcha tashkilot va korxonalarni, xalqaro korporatsiyalar, yirik ishlab chiqaruvchilarni ayovsiz sinovdan o‘tkazdi. Yangicha fikrlash va ishlashga majbur qildi. Xususan, mamlakatimizda ham barcha sohalar pandemiya sharoitiga majburiy-ixtiyoriy ravishda moslashdi.
Davlat xizmatlari agentligi tizimida ham bu davrda avvaldan joriy qilingan, biroq “yurib ketmayotgan” onlayn xizmat ko‘rsatishga bo‘lgan ehtiyoj keskin ortdi. Yangicha va zamonaviy tizim esa murakkab sharoitda naqadar to‘g‘ri tanlov ekanligini amalda isbotlab qo‘ydi. Ayni kunlarda viloyatda bu borada samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Shu kunga qadar “Siz qayerda bo‘lsangiz, biz ham o‘sha yerdamiz”, “Siz kelmang, o‘zimiz boramiz” tamoyillari va “O‘zimiz keldik” aksiyasi asosida 104 mingdan ortiq fuqarolarga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
-Shuningdek, olis cho‘l va tog‘li hududlarda ham filiallar tashkil etishga kirishildi, -deydi Davlat xizmatlari agentligi Farg‘ona viloyat boshqarmasi boshlig‘i Ra’noxon Boyqo‘ziyeva. -Bugun ularning soni viloyat bo‘yicha 9 taga yetdi. Jumladan, Farg‘ona tumanida fuqarolar va tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Shohimardon”, “Chimyon” filiallari tashkil etilgan. Shu kunga qadar ular orqali aholiga 5 ming 700 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, Uchko‘prik tumanida “Oq suv”, Buvayda tumanida “Buvayda”, Beshariq tumanida “Rapqon”, Furqat tumanida “Chekchuvaldoq”, Quva tumanida “Akbarobod”, Quvasoy va Farg‘ona shaharlarida “Qo‘chqorchi” hamda “Qirguli” filiallari fuqarolar uchun xizmat qilmoqda.

Bugun davlat bilan xalq o‘rtasidagi muloqot yangi bosqichga ko‘tarildi. Fuqarolarga qulaylik yaratish va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yangicha tizimi hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi.
M. Sulaymonov, O‘zA