Farg‘onalik yoshlar Prezident ishonchini oqlaydi
Yangi O‘zbekistonning bunyodkori bo‘lgan yoshlar mamlakatimizdagi islohotlarda faol ishtirok etmoqda. Ularning ilm-fan, tadbirkorlik, madaniyat, sport kabi sohalarda erishayotgan yutuqlari yanada faxrli. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yoshlar siyosati sohasidagi ishlar sarhisobi, yangi vazifa va takliflar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yoshlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Darhaqiqat, bugun yoshlarning kamoloti yo‘lida katta ishlar bajarilyapti, ular bilan ishlashda yangi tizim o‘z samarasini bermoqda. Farg‘ona viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Muhammadamin G‘aniyev amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar haqida gapirib berdi.

–Viloyatimiz aholisining 914 ming 539 nafarini 14-30 yoshdagilar tashkil etadi, – deydi M.G‘aniyev. – Ularning har biri davlatimizning e’tiborini his etishi, orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan eng quyi bo‘g‘in-mahallada yoshlar bilan ishlashga e’tibor qaratilib, ular bilan individual ishlash, e’tiborga muhtoj yoshlarning muammolarini bartaraf etish, ularning bandligini ta’minlash asosiy vazifa sifatida qaralmoqda. “Og‘ir” toifadagi yoshlar nomma-nom biriktirilayotgan rahbarlarga mahallalardagi iste’dodli va iqtidorli yoshlarni ham nomma-nom biriktirish amaliyoti joriy etish belgilandi.

Joriy yilda 11 ming 815 ming nafar “og‘ir” toifadagi yoshlar “Yoshlar balansi” asosida 624 nafar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktirildi. Ular bilan manzilli ishlash bo‘yicha tuman -shahar, sektor va mahallalar kesimida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Hozirga qadar mas’ul rahbarlar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda 2 ming 82 nafar yoshlarning 2 ming 114 ta ijtimoiy-iqtisodiy muammolari aniqlanib, bugungi kungacha ularning 1 ming 283 nafariga turli xil yo‘nalishlarda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2024 yil 12 yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida yoshlar masalasiga alohida to‘xtalib, huquq-tartibot va mudofaa organlariga 4 million yoshlarni biriktirib, ularni otaliqqa olish hamda yoshlar bilan manzilli ishlash tizimini tashkil etish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berildi. Berilgan topshiriqqa asosan viloyat bo‘yicha 325 ming nafar yoshlar huquq-tartibot va mudofaa organlari hamda ularning quyi bo‘linmalari xodimlariga taqsimlanib, shaxsan otaliqqa olinishi va kafil bo‘lishi orqali ularda vatanparvarlik, jamiyat xayotiga daxldorlik va qonunga hurmat kabi ezgu tuyg‘ular shakllantirilishiga erishilmoqda.

O‘tkazilgan uchrashuvlar davomida 9 ming 321 nafar yoshlarning ijtimoiy va maishiy muammolari aniqlanib ularning 1 ming 190 nafar “mahalla yettiligi” hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida hal etildi.
Joriy yilda viloyat bo‘yicha 10 ming 266 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 5 ming 777 nafariga manzilli va maqsadli yordam ko‘rsatildi. Viloyatimizdagi har bir mahallada “fuqarobay” tasdiqlangan “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, ijro holati kunlik tahlil qilib borilmoqda. Yil boshidan 11 ming 65 nafar ishsiz yoshlarning 7 ming 726 nafarini bandligi ta’minlandi. Har bir rahbar o‘ziga biriktirilgan yoshlar bilan to‘liq uchrashib, yoshlar tomonidan ko‘tarilgan ijtimoiy-iqtisodiy va maishiy muammolarini hal etib kelmoqda.
Yoshlar yetakchilari tomonidan xorijda ishlash va o‘qish istagini bildirgan yoshlar ro‘yxati shakllantirildi. Yoshlarimizga birinchi navbatda til va kasb-hunar o‘rgatish hamda mehnat sharoiti, ish haqi yuqori bo‘lgan rivojlangan Germaniya, Janubiy Koreya, Polsha, Kanada, Qatar kabi davlatlarga shartnoma asosida jo‘natib, migratsiyani diversifikatsiya qilish belgilab olindi.
Farg‘ona shahridagi “Wegweiser” o‘quv markazida 512 nafar yoshlar hozirda nemis tilini o‘rganmoqda. Hozirda Farg‘ona tajribasi sifatida viloyatning barcha tuman, shaharlaridagi umumta’lim maktablarining bo‘sh turgan binolarida “Wegweiser” o‘quv markazining filiallari uchun joy ajratildi. Bugungi kunda 8 ta tumanda 60 nafardan - 480 nafar yoshlarni o‘qitish ishlari boshlandi. Bir oy ichida ushbu loyiha viloyatning barcha hududlarida amalga oshirishni boshlaydi. Bularni iyun-iyul oylarida 200 nafari Germaniyaga ishga yuboriladi.
Shu bilan birgalikda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikka jalb etish borasida ham ko‘plab ishlar olib borilmoqda.
Yoshlarimiz orasida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan, yangi g‘oyalar tashabbuskori bo‘lgani, ta’lim, madaniyat, sport kabi sohalarda yutuqlarga erishayotgani juda ko‘p. Bu kabi yoshlar boshqalarga ibrat bo‘layotganini alohida ta’kidlash lozim.
Davlatimiz rahbari yoshlar siyosati sohasidagi ishlar sarhisobi, yangi vazifa va takliflar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ko‘plab tashabbuslarni ilgari surdi. Yoshlar bilan samimiy muloqot qilib, orzu-maqsadlari bilan qiziqdi. Bunday e’tibor biz yoshlarga katta mas’uliyat yuklamoqda. Farg‘onalik yoshlar o‘z bilimi, iqtidori va mehnati bilan Prezidentimizning ishonchini oqlaydi.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri