Farg‘onada yosh davlat xizmatchilari "Zakovat"da bellashdi
Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyida Yoshlar kuniga bag‘ishlangan davlat organlari va tashkilotlarining yosh davlat xizmatchilari o‘rtasida "Zakovat" intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Farg‘ona filiali va viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan o‘yinda 35 ta jamoa bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Farg‘ona filiali rahbari Saidfarruh Islomov "Zakovat" yoshlarning haqiqiy bilim maydoniga aylanayotganini ta’kidlab, barcha jamoalarga omad tiladi.

Yoshlar o‘rtasida intellektual o‘yinlarni rivojlantirish, ilm-fanga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan mazkur o‘yin qizg‘in bahs va munozaralarga boy bo‘ldi. Xususan, davlat organlaridagi iqtidorli, professional, tezkor va samarali davlat xizmatchilarini shakllantirish hamda yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, el-yurtga sadoqatli yosh kadrlarni tayyorlash maqsadida o‘tkazilgan o‘yin yoshlarning katta bayramiga aylandi. Har bir jamoa o‘z iqtidorini, bilimini namoyish etdi.

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining “Yosh bojxonachilar” jamoasi birinchi o‘rinni egallab, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Jamoalarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
M.Sulaymonov, O‘zA