Farg‘onada Yangi yil bayrami ko‘tarinki ruhda o‘tadi
Farg‘ona viloyatida Yangi yil bayramini ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish maqsadida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Barcha shahar va tumanlar markazlariga Yangi yil archalari o‘rnatildi hamda ko‘chalar, xiyobonlar bayramona bezatildi. Xususan, viloyat markazida Islom Karimov nomidagi viloyat teatr va konsert saroyi hududida asosiy archa (bo‘yi 35 metr) hamda Yoshlar sayilgohi hududida qo‘shimcha archa o‘rnatildi.
“Prezident archasi” tadbirlari yuqori saviyada o‘tkaziladi hamda 800 dan ortiq bolajonga sovg‘alar topshiriladi.

Bayram arafasida keksalar, yoshi ulug‘lar va bemorlar holidan xabar olish yaxshi an’anaga aylangan. Shu kunlarda 5 ming nafarga yaqin urush qatnashchisi va front orti mehnat faxriysi, yordamga muhtoj nogironlar, yakka-yolg‘iz keksalar, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida yashovchilar yo‘qlanmoqda. Ularga bayram sovg‘alari topshirilyapti.

Barcha shahar va tumanlardagi 35 ta bozor, yirik savdo majmualari hamda 250 dan ortiq mahalla guzarida savdo yarmarkalari tashkil etildi.

Savdo yarmarkalarida barcha hududiy ulgurji savdo korxonalari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va qayta ishlash korxonalari, meva-sabzavotchilik, chorvachilik va parrandachilik, asalarichilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari hamda tadbirkorlar mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. 205 tonna go‘sht, 239 tonna baliq, 87 tonna parranda go‘shti, 2,2 million dona tuxum, 249 tonna guruch, 1 ming 800 tonna kartoshka, 300 tonna piyoz, 1700 tonna boshqa sabzavotlar, meva va poliz mahsulotlari arzon narxlarda yetkazib berilmoqda.

Yangi yil bayrami tadbirlarini o‘tkazish davrida xavfsizlikni ta’minlash va jamoat tartibini saqlash bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etish hamda amalga oshirish bo‘yicha viloyat, shahar va tumanlarda hududiy shtablar tashkil etildi.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri