Farg‘onada yangi mebel korxonasi ishga tushdi
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida zamonaviy va yuqori sifatli mebellar ishlab chiqarish hamda soha mutaxassislarini kasbga tayyorlashga ixtisoslashgan loyiha ishga tushirildi. Uning doirasida tumanning Dahanaqaqir mahallasida “Maryam mebel” mebel ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilib, Rossiyaning “Liga” kompaniyasi tomonidan mamlakatimizda ilk bor tashkillangan kengaytirilgan master-forum ham boshlandi.
Tadbirkor Avazbek Valiyev tashabbusi bilan tashkil etilgan yangi korxona “Liga” kompaniyasi tomonidan qiymati 1 million dollarga yaqin miqdordagi eng so‘nggi rusumdagi raqamlashtirilgan uskuna va dastgohlar bilan jihozlandi. Loyiha doirasida yil yakuniga qadar korxonada 150 nafar ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.


Nafaqat mazkur yangi fabrika, balki respublikamiz bo‘yicha ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan korxonalardagi ishlab chiqarish jarayonlarida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan Rossiya kompaniyasi bilan qator kelishuvlarga erishildi. Shu asnoda rossiyalik malakali mutaxassislar hamda yurtimizning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan yosh mahalliy usta va tadbirkorlar ishtirokida soha rivojiga xizmat qiluvchi kengaytirilgan master-forum bugundan start oldi.
Ikki kun davom etishi rejalashtirilgan “Mebel forumi: samarali ishlab chiqarish texnologiyalari” nomli tadbir davomida rossiyalik mutaxassislar tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari va master-klasslar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.


M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri