Farg‘onada uzluksiz ta’lim tizimi: amaliyot va samara
Farg‘ona davlat universitetida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona viloyatida uzluksiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi bo‘yicha tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, oliy ta’lim tizimi mutasaddilari, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ullar ishtirok etdi.
Muhokamada uzluksiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim sifatini yaxshilash va pandemiyaning salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha viloyatda ko‘rilayotgan choralar tahlil etildi, shuningdek, sohada aniqlangan kamchiliklar o‘rganilib, bu boradagi yechimlar, muhim vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda ishchi guruh qayd etganidek, Farg‘ona viloyatida 2017-2021 yillar davomida ta’lim sifatini oshirish yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi 2 baravar –13,8 foizdan 26 foizga o‘sishiga erishilgan.
Ixtisoslashtirilgan maktablar soni 44 tadan 92 taga yetkazilgan. Birgina 2021 yilda 4 ta matematika, 8 ta kimyo-biologiya, 9 ta informatika va IT maktablari, 19 ta chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilgan. Shuningdek, 2022-2026 yillarda 22 ta, jumladan, 11 ta matematika, 9 ta informatika va axborot texnologiyalari hamda 2 ta kimyo-biologiya fanlariga ixtisoslashgan maktablar tashkil etilib, viloyat miqyosida jami ixtisoslashgan maktablar soni 114 tani tashkil etishi rejalashtirilgan.
Viloyat xalq ta’limi tizimidagi ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish maqsadida 2017-2021 yillarda davlat dasturlari va mahaliy byudjet mablag‘lari hisobidan jami 86936 quvvatga ega 179 ta ta’lim muassasalarida 580 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan, 50 ta kasb-hunar kollejlari binolari umumta’lim maktablariga aylantirilgan. Mazkur mablag‘lar hisobidan 17 ta maktablar yangidan qurilgan, 81 ta maktablar rekonstruksiya qilingan va 81 ta maktablar mukammal ta’mirlangan.
Yig‘ilishda oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifatini yaxshilash, talaba-yoshlarda kasbiy tayyorgarlik, mustaqil ta’lim olish va tanqidiy fikrlash kabi muhim kompetensiyalarni shakllantirish, sirtqi ta’lim muammolarini bartaraf etish, elektron platforma imkoniyatlarini o‘rganish hamda uning kontentini boyitish ishlarini davom ettirish, horijiy hamkorlik aloqalari va qo‘shma ta’lim dasturlarini kuchaytirish kabi muhim yo‘nalishlar muhokama etildi.
M. Sulaymonov, O‘zA