Farg‘onada tilla deb mis sotgan ayol ozodlikdan mahrum etildi
Oramizda shunday odamlar borki, o‘zlariga firibgarlikni odat qilib olgan. Ular turli yo‘llar bilan o‘zgalarning mulkiga ega chiqmoqchi bo‘ladi. L.B (ayol) ham shulardan biri. U onasi bilan 2022 yilning 7 mart kuni soat 14:00 larda Farg‘ona shahar Sayilgoh ko‘chasidagi ayollar go‘zallik salonida S.K. (ayol)ga tilladan ishlangan ayollar zanjirini ko‘rsatib, uni sotib, kelin libosi sotib olishlarini aytadi.
Taqinchoqni 17 million 500 ming so‘mga sotishga kelishgach, xaridorning 10 million 100 ming so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, tilla zanjirni misdan ishlangan zanjirga almashtirib qo‘yadi. Ertasi kuni pullarni qolgan qismiga kelin ko‘ylak olib ketishlarini aytib, telefon raqam tashlab ketishadi. Ertasiga kelavermagach, do‘kon egasi telefon qiladi, telefon o‘chirilgan. Shunda u shubhalanib, tilla taqinchoqni zargarga ko‘rsatadi. Tilla deb olgani mis bo‘lib chiqqanidan keyin aldanganini bilgan ayol ichki ishlar bo‘limiga murojaat qiladi.
Bundan tashqari, L.B va M.B.lar jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2022 yilning 19 mart kuni soat 14:00 larda Farg‘ona shahar X.Hakimzoda ko‘chasidagi ayollar go‘zallik salonida F.S.ga tilladan ishlangan ayollar zanjirini ko‘rsatib, uni sotib, kelin libosi sotib olishlarini aytadi. Taqinchoqni 19 million so‘mga sotishga kelishgach, F.S.ning 11 million so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, uni aldaydi. Tilla zanjirni misdan ishlangan zanjirga almashtirib qo‘yib, ertasi kuni pullarni qolgan qismiga kelin ko‘ylak olib ketishlarini aytib, sekin qochib qolishadi.
O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganlaridek, bir ikki marta “ishlari o‘xshagan” ona-bola jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2022 yilning 27 mart kuni soat 14:00 larda Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumanidagi ayollar go‘zallik salonida S.Yo.ga tilladan ishlangan ayollar zanjirini ko‘rsatib, uni ham chuv tushiradi. Jabrlanuvchilarning murojaatlariga muvofiq, yuqoridagi qilmishlari yuzasidan tergov organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilib, firibgarlar qo‘lga tushdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi tomonidan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sudlanuvchi L.B.ga jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ma’lumot uchun, bu ayollardan jabrlangan shaxslar tomonidan berilgan arizalarga asosan, tegishli tartibda bundan avval ham Uychi tuman sudi, Vobkent tuman sudlari tomonidan boshqa holatlar bo‘yicha jazo tayinlangan.
M.Sulaymonov, O‘zA