Farg‘onada "Talaba EKSPO – 2025" – kasb ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
Talaba o‘qishni bitirdi? U qayerga ishga joylashadi? Uzoq yillar davomida oliy ta’lim dargohini bitirgan yoshlarni ham va umuman, o‘qishga kira olmagan yigit-qizlarni ham ish bilan ta’minlash jiddiy muammo bo‘lib kelayotgandi.
Mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida kechayotgan yangilanish jarayonlarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yoshlarning mehnat bandligini ta’minlashning ishonchli va amaliy tizimini yaratishga muvaffaq bo‘lindi.

Yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni mehnat bozori talablariga mos ravishda kasbga yo‘naltirish hamda ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishi yo‘lida ilgari misli ko‘rilmagan tashabbuslar olg‘a surilmoqda.
Ana shunday maqsadlarni ro‘yobga chiqarishda "Talaba EKSPO – 2025" kabi ko‘rgazmalarning ahamiyati g‘oyat katta bo‘lmoqda. Yaqindagina poytaxtimizda Toshkent shahri va Samarqand viloyatida yoshlar uchun “Talaba EKSPO-2025” ko‘rgazma-yarmarkasi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, ushbu loyiha orqali minglab yoshlarning ishga joylashish, o‘zlarining ilmiy-innovatsion, biznes loyihalarini hayotga joriy etish, yuqori salohiyatga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlar, ishlab chiqarish quvvatlarining imkoniyatlari bilan tanishishi uchun zarur platforma bo‘lgandi.

Farg‘onada tashkil etilgan "Talaba EKSPO – 2025" kasb ko‘rgazmasi ham ana shunday amaliy, foydali va baland ruhda o‘tkazildi.
Ta’kidlash joiz, mazkur tadbir “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
Unda viloyatning turli hududlaridan kelgan yirik ish beruvchi tashkilotlar hamda ta’lim muassasalarini bitirayotgan yoshlar ishtirok etdi.

Aytish o‘rinli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 fervaldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida yoshlarning bandligini ta’minlash, oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish, xususiy sektor va tijorat banklari ishtirokida kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish bo‘yicha keng qamrovli amaliy ishlar olib borilmoqda. Bunda joylarda tashkil etilgan “Kelajakka qadam” markazlarining ahamiyati e’tiborga molik. Boisi oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi va quyi bosqich talabalari o‘rtasida sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazish va g‘oliblarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish, salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar, shu jumladan yirik korxonalarning oliy ma’lumotli mutaxassislarga ehtiyojini aniqlash va mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarni shakllantirish, ilg‘or talabalarning biznes g‘oyalarini tayyor loyihalargacha olib borishda hamrohlik qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda.

“Kelajakka qadam” markazi mutaxassisi Behruz Ostonovning ta’kidlashicha, ushbu ko‘rgazma davomida ishtirokchi yoshlar ish beruvchi tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbatlashish, o‘zlarining rezyume va loyihalarini taqdim etish imkoniga ega bo‘ldilar.
Xususan, Javohir Botirov ham tadbir davomida o‘zi ishlab chiqqan ishlanmasi bilan qatnashdi.

– Men yaratgan ilmiy ishlanma qishloq xo‘jaligi sohasi rivojida qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni ta’minlashda o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi, – dedi Farg‘ona Davlat universitetining fizika-matematika fakultetining magistranti Javohir Botirov. – Biz – yoshlar uchun mo‘ljallangan mazkur tadbir loyihamni keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilish imkonini bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
"Talaba EKSPO – 2025" kasb ko‘rgazmasi davomida mutaxassislar tomonidan mahorat darslari ham o‘tkazilib, seminarlar davomidagi kasbiy maslahatlar yoshlarga yangi bilim va ko‘nikmalarni berishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bitiruvchilarning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilgan tadbir davomida “Kelajakka qadam” markazi bilan birgalikda oliy ta’lim dargohlari bitiruvchilarining biznes loyihalari taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada 300 dan ortiq ish beruvchi kompaniyalar tomonidan 2000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi. 9 ta oliy ta’lim muassasasi o‘z stendi bilan qatnashdi. 16 ming nafardan ziyod bitiriruvchilar tadbirda bevosita ishtirok etib, ularning 1 ming 732 nafarining ish o‘rinlari aniqlandi. 187 nafar yosh tadqiqotchining esa biznes loyihalari taqdim etilib, tadbirkorlikka yo‘naltirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, bunday loyihalar o‘zining ijtimoiy ahamiyati, ta’lim, ishlab chiqish, fan va biznes o‘rtasidagi o‘zaro uyg‘unlikni ta’minlash, yoshlarni ishga joylashishi uchun amaliy ko‘mak ko‘rsatishda yangi imkoniyatlarni ochayotgani bilan dolzablik kasb etdi.
N.Usmonova, Muqimjon Qodirov(suratlar),
O‘zA muxbirlari