Farg‘onada referendum o‘tkazishga barcha uchastkalar tayyor
Mamlakatimizda joriy yilning 30 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumi o‘tkaziladi.
Farg‘ona viloyatida mazkur siyosiy jarayonga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish belgilangan chora-tadbirlar asosida amalga oshirilmoqda. Ayni kunlarda shahar va tumanlarda 1 ming 209 ta referendum uchastkasi tashkil etilgan. Ular belgilangan talablar asosida jihozlanib, shay holatga keltirildi. Shu bilan birgalikda uchastka komissiyalari a’zolari uchun siyosiy bilimlarni mustahkamlash maqsadida o‘quv seminarlari o‘tkazildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 11-Farg‘ona okrug komissiyasi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Okrug O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashining binosida joylashgan. Uning to‘rtinchi qavatida matbuot markazi tashkil etilib, jurnalistlar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Ma’lumki, referendum fuqarolarning o‘z xohish-irodasini umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bildirishi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. Referendum o‘tkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga ega.
Viloyatda 2 million 209 mingdan ortiq fuqarolar konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda mazkur jarayonda ovoz berishi kutilmoqda. Ularning 82 ming nafari ilk bor ovoz beruvchi yoshlardir. Uchastkalarda referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolarning muddatidan oldin ovoz berish ishlari yakunlandi. Viloyat bo‘yicha jami 108 mingdan ortiq fuqaro tomonidan muddatidan oldin ovoz berildi.
M.Sulaymonov, O‘zA