Farg‘onada qurilish sohasida raqamli nazorat kengaymoqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasida davlatimiz rahbarining joriy yil 4-iyunda qabul qilingan “Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur farmon qurilish sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni keng joriy etishga qaratilgan. Endi qurilishga ruxsat olish jarayonlari “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshirilib, hujjatlarni rasmiylashtirish muddati va ortiqcha xarajatlar qisqaradi.
Shuningdek, ijro hujjatlarini to‘liq raqamlashtirish, ularni qog‘oz shaklida talab qilish amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechish, sun’iy intellekt orqali xizmatlarni tahlil qilish va qaror qabul qilish tizimini joriy etish korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
[gallery-30164]
Matbuot anjumani doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari inspeksiyada yaratilgan sharoitlar hamda qurilish ob’ektlarini onlayn monitoring qilish tizimi bilan tanishdi. Kuzatuv kameralari orqali qurilish jarayonlari, mehnat xavfsizligi talablariga rioya etilishi va ishlar sifati masofadan turib nazorat qilinmoqda.
Inspeksiya ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda viloyatda qariyb 2 mingta qurilish ob’ektida ishlar olib borilmoqda. Ularning 1 ming 997 tasi “Qurilishda davlat nazorati” axborot tizimi orqali muntazam monitoring qilinmoqda.
Joriy yilning o‘tgan olti oyida 11 ming 836 ta monitoring o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha 8 ming 824 ta yozma ko‘rsatma berilgan. Ularning 8 ming 425 tasi ijro etilgan. Shuningdek, 101 ta ob’ekt onlayn kuzatuv tizimiga ulangan, qurilish qoidalarini buzish holatlari yuzasidan qariyb 5 milliard so‘mlik ma’muriy choralar qo‘llanilgan. Loyihadan chetga chiqqan 139 ta qurilish ishlari buzdirilgan, 68 ta ob’ektda qurilish-montaj ishlari vaqtincha to‘xtatilgan.
Tadbirda qurilish sohasida raqamli nazoratni yanada kengaytirish, sifat talablariga qat’iy rioya etish va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy qilish xavfsiz hamda sifatli qurilishlarni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA