Farg‘onada paxta hosildorligi yildan yilga oshmoqda
Farg‘ona viloyatida paxtachilik-to‘qimachilik klasterlari va fermerlar hosildorlikni oshirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etishga muhim e’tibor qaratayotgani o‘z samarasini bermoqda. Birgina o‘tgan yilda 225 million dollarlik 55 ta loyiha amalga oshirildi. Paxtachilikni ilm asosida rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ishlar olib borilyapti.
Yozyovon tumanidagi “Mezon” fermer xo‘jaligi paxtadan 60 sentnerdan hosil olish tajribasini yaratdi, bu viloyat bo‘ylab ommalashtirilyapti. Asosiysi, klasterlar fermerlarning ko‘makchisiga aylandi, manfaatdorlik oshdi. Ayni kunlarda paxta yig‘im-terimi davom etayotgan bo‘lib, aksariyat fermer xo‘jaliklari shartnoma rejalarini ortig‘i bilan uddalashdi.

Joriy mavsumda 5 ming 200 gektar maydonga chigit qadagan Furqat tumani paxtakorlari qabul punktlariga 19 ming 400 tonnadan ortiq paxta terib topshirdi. Har bir gektar yerdan olingan hosildorlik salmog‘i 38 sentnerga yetdi. Bu o‘tgan yillarga qiyoslaganda 6-7 sentnerga ko‘p.
Paxtachilikni rivojlantirish, fermerlar manfaatdorligini oshirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar yutuqlar omili bo‘lmoqda. Klasterlar ko‘plab muammolarni hal etib, fermerlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ilgarigi paxta yetishtirish bilan bog‘liq muammolar bugun deyarli bartaraf etilgan.

”Oybek Toshtemirov”,”Komiljon Usmonov”, ”Qolgandaryo chorva”, ” A. Mansurov”, “Integral”, “Hamzali G‘aniyev” singari fermer xo‘jaliklari dastlabki terimning o‘zida gektaridan 50-55 sentnerdan hosil terib oldi.
Dalalarda tashabbuskor hasharchi -terimchilar uchun alohida shart-sharoitlar yaratib berilib, ilg‘orlar rag‘batlantirib borilmoqda.
– Har kuni 180-200 kilogrammga yetkazib paxta teryapman, – deydi “Hamzali G‘aniyev” nomli fermer xo‘jaligi a’zosi Mahliyo Egamberdiyeva. – Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 10 million so‘mdan ortiq daromad topdim. Terimchilar uchun bepul tushlik, transport xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.

– Hali dalalarimizda hosil cho‘g‘i mo‘l, – deydi tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Toirjon Siddiqov. – Paxta tayyorlash yillik rejasi bajarilgan bo‘lsa-da, terim sur’ati bir dam to‘xtagani yo‘q. Gektarlardan qancha ko‘p va sifatli hosil terib olinsa, manfaatdorlik ortadi. Bu qishloqda ham sanoat tarmoqlari faoliyatini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatini beradi.
Umuman olganda, Farg‘ona viloyatida joriy yilda paxtadan mo‘l hosil olinayotgani quvonarlidir. Bu esa klasterlarni yanada rivojlantirish, ilm va tajriba bilan hosildorlikni oshirish, ”xom ashyo–tayyor mahsulot–eksport” zanjiri asosida barcha imkoniyatlarni ishga solishda muhim omil bo‘ladi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri