Farg‘onada O‘zbekiston Respublikasining ulkan bayrog‘i hilpiraydi
“Farg‘ona” dala-o‘quv maydonida Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi, Farg‘ona viloyati va Farg‘ona shahar hokimligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlangan harbiy vatanparvarlik festivali bo‘lib o‘tdi.
Keng jamoatchilik vakillari, harbiylar va yoshlar ishtirok etgan tadbirda harbiy texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik L.Buzrukov so‘zga chiqib, barchani davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan kun bilan tabrikladi.
– Yurtimiz bayrog‘i – o‘tmish, bugun va kelajagimizning yorqin timsolidir, – deydi viloyat rahbari. – Musaffo osmonimiz uzra mag‘rur hilpirayotgan yurt bayrog‘ini ko‘rgan paytimizda qalblarimiz beixtiyor to‘lqinlanadi, faxr-iftixor paydo bo‘ladi. Ayniqsa, mana shunday tadbirlarni ko‘proq o‘tkazishimiz kerak. Yoshlarimizni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda buning ahamiyati katta. Bu bayram ham bizning g‘urur-iftixorimizdir.
Farg‘ona shahrida joylashgan harbiy qism havo desantchilarining davlatimiz bayrog‘i bilan sakrash mashqlari namoyish etildi. 2 ming 500 metr balandlikdan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining 1 100 metr kvadrat hajmdagi shakli bilan ekstremal sharoitda parashyutdan amaliy sakrash mashqi esa ishtirokchilar qalbida faxr-iftixor uyg‘otdi.
[gallery-4708]
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA