Farg‘onada o‘quvchi-yoshlarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi ochildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyat o‘lkashunoslik muzeyida o‘quvchi-yoshlarning «Ijod sehri» deb nomlangan ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda Farg‘ona shahridagi 4-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida tahsil olayotgan 40 nafar iste’dod egasining 200 ga yaqin grafika, rang-tasvir, dekorativ kompozitsiyalari namoyish qilinmoqda.
[gallery-16357]
- Ko‘rgazmadagi ijodiy ishlar meni hayratga soldi, - deydi ochilish marosimiga tashrif buyurgan mehmonlardan biri Feruza Abdujabborova. - Suratlarda yurtimizning tabiati, milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz o‘ziga xos tarzda, mohirona tasvirlanganini ko‘rib, yosh iqtidorlarimiz safi kengligidan g‘ururlandim. Masalan, Robiyaxon Haydarovaning «Qadimiy bino», Behzodali To‘lqinovning «Umr», E’zozaxon Shukurjonovaning «Ona», Xondamir Yo‘ldoshevning «Qishloq hayoti», Behzodjon To‘lqinovning «Qadimgi bozor» asarlari shaxsan menda juda katta taassurot qoldirdi.
Yosh mo‘yqalam sohiblarining ijodiy ishlari ko‘rgazmasi ikki oy davom etadi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA