Farg‘onada maktabgacha ta’limga qamrov 83 foizga yetdi
Yakuniga yetib borayotgan yilda Farg‘ona viloyatida 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi yanada kengayib, 83 foizga yetdi. Bu sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlarning amaldagi samarasidir.
Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim davlat ta’lim tizimining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. bugungi kunda har bir bola uchun maktabgacha ta’lim va tarbiya olish imkoniyatini yaratish, bolada ilmga ishtiyoqni oshirish, jismoniy va aqliy faoliyatini rivojlantirishda tenglikni ta’minlash ishlariga milliy taraqqiyotimizning ustuvor omili sifatida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatida 2017-2021 yillarda sohada qamrov jihatidan misli ko‘rilmagan natijalarga erishildi. Misol uchun, viloyatda davlat va nodavlat MTTlari soni 2017 yilda bor- yo‘g‘i 642 ta, qamrov esa 37,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib 3 mingdan ortiq maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Bog‘cha yoshidagi bolalarning qamrovi keskin oshdi.
–Barkamol avlodni tarbiyalashda maktabgacha ta’lim bo‘g‘ini katta ahamiyatga ega, – deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Yulduzxon Xo‘jayeva. – O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi asosida viloyatda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shahar va tumanlarda jajji bolajonlarni maktabgacha ta’lim maskanlariga qamrab olish asosiy vazifa sifatida belgilangan. Viloyatda yengil konstruksiyali yo‘ldosh konteyner binolar qurishga alohida e’tibor qaratilgan edi. Shu maqsadda viloyat hokimi farmoyishi asosida dastlab konteyner binolar qurish uchun tizim ishlab chiqildi. Birinchi bosqichda 2760 o‘rinli 30 ta yengil konstruksiyali yo‘ldosh binolar barpo etildi. Ikkinchi bosqichda yana 2700 o‘rinli 30 ta yengil konstruksiyali maktabgacha ta’lim tashkilotlarini barpo etish belgilangan.
Mazkur bog‘chalar tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha 3-bosqichda yana 30 ta qo‘shimcha 2700 o‘rinli yangi quvvatlar yaratish ham belgilangan. Bunday yengil tipdagi qo‘shimcha guruh xonalar eng ko‘p navbatda turgan bog‘chalar hududlariga qurildi va bu bir kunda 100 ga yaqin bolalarni barcha zamonaviy sharoitlarga ega guruh xonalarga qamrab olish imkoniyatini yaratdi. Viloyatda 89 ta davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilgani bugun o‘z samarasini bermoqda. Farg‘ona tumanidagi «Ilg‘or» massivida namunaviy loyihalar asosida yangi uylar qurilib, yuzlab oilalar ko‘chib o‘tdi. Albatta, bu yerda bog‘cha tashkil etish kun tartibidan o‘rin olgan edi. «Shohida Muzaffar yuksalish» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan o‘tgan yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 3 milliard 180 million so‘m evaziga maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo etildi.
[gallery-5283]
– bugungi kunda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida raqobat juda kuchaydi, –deydi tadbirkor Munojatxon Rasulova. – Ota-onalar farzandlarini o‘zlariga maqbul bo‘lgan bog‘chaga bermoqda. Shuning uchun ham biz tashkil etgan «Kelajak avlod» maktabgacha ta’lim tashkiloti eng ilg‘or ish uslublaridan andoza olgan holda faoliyat yuritmoqda. Zamonaviy bog‘cha 150 nafar bolajonni o‘z bag‘riga oldi. Rus, ingliz tilidan dastlabki saboqlar berilayotgani ularning ota-onalarini ham mamnun etmoqda.
Shuningdek, bu yerda tibbiy xizmat sifatli yo‘lga qo‘yilgan va jismoniy chiniqtiruvchi sport mashg‘ulotlari ham tashkil etilgan. Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan tizimni rivojlantirish borasida belgilangan beshta parametrlar bo‘yicha Farg‘ona viloyati joriy yilda yuqori o‘rinni egalladi.
M. Sulaymonov,
M. Qodirov (surat), O‘zA