Farg‘onada mahallabay kesimida muammolar o‘rganilmoqda
Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar hamda mas’ul xodimlardan iborat Respublika ishchi guruhi Farg‘ona viloyatida mahallabay kesimida muammolarni o‘rganib, hal etish choralarini ko‘rmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad aholini rozi qilish, turmush darajasini yanada yaxshilashdir. Prezidentimiz barcha darajadagi rahbarlarga o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi holatni o‘rganish, “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, ularni rivojlantirish vazifasini qo‘ymoqda. Mahallabay ishlash tizimi joriy qilinib, xonadonma-xonadon aholining muammolari o‘rganilyapti. Hududlarni rivojlantirish dasturi hamda kambag‘allikni qisqartirish rejalari mazkur tizim asosida ishlab chiqilishi bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanayotgani aksariyat masalalarga yechim bo‘lmoqda. Xususan, ayni kunlarda Respublika ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlarida o‘rganishlar olib borilmoqda.
Marg‘ilon – yurtimizning ko‘hna shaharlaridan biri hisoblanadi. bugungi kunda 238 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan bo‘lib, istiqbolli loyihalar asosida hududni rivojlantirish bo‘yicha manzilli ishlar davom ettirilmoqda. Marg‘ilonliklar azaldan mohir hunarmandlar va tadbirkorlari bilan mashhur bo‘lib, hozirda bu yanada rivojlanmoqda. 54 ta mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat ko‘rsatyapti. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bo‘yicha sezilarli ishlar bajarilmoqda.
“Yoyilma” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Zoyirjon Zaylobiddinov yosh tadbirkorlardan. U o‘z xonadonida mebel ishlab chiqarish sexini tashkil etgan. Ayni kunlarda yigirma turdan ortiq mahsulotlar tayyorlanayotgan bo‘lib, ichki bozorga yetkazib berilmoqda. Hozirda bu yerda 10 nafar mahalla yoshlari ish bilan ta’minlangan.
[gallery-970]
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Milliy bank mas’ullari bu xonadonda bo‘lib, tadbirkor bilan suhbatlashdi. Zoyirjon ishlab chiqarish tarmog‘ini kengaytirish uchun joy va imtiyozli kredit zarurligini bildirdi. Uning bu muammosi hal etiladigan bo‘ldi.
– Dastlab sandiq yasash bilan shug‘ullanganman, –deydi Zoyirjon. – Ota-bobolarimning hunari bo‘lgani uchun ham sohani yanada rivojlantirish harakatida bo‘ldim. Mebel tayyorlashni ham o‘rganib, shu yo‘nalishda oilaviy korxona ochdik. Bu joy endilikda bizga tor bo‘lib qoldi. Bugun kirib kelgan ishchi guruhga o‘zimning rejalarimni aytdim, ular buni qo‘llab-quvvatlashdi. Rejam amalga oshadigan bo‘lsa, 50 nafar ish o‘rni yaratiladi. Ishlab chiqarish hajmi keskin oshadi.
Zoyirjon istiqomat qilayotgan “Yoyilma” mahalla fuqarolar yig‘inida 808 ta xonadon bor. Aksariyat aholi hunarmandlik bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘or tebratadi. Ishchi guruhi uyma-uy yurib, aholini tinglayapti, kredit olish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi masalalarda yaqindan yordam bermoqda.
– Davlatimiz rahbari mahalla tizimiga juda muhim e’tibor berayotgani bizga mas’uliyat yuklaydi, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Roziqali Ahmedov. – Haqiqatdan aholining issiq-sovug‘idan yaxshi xabardormiz. Og‘riqli joylarimizni yaxshi bilamiz. Hududdagi muammolarni yashirmasdan ularni hal etish choralarini ko‘rishimiz kerak. Shunda odamlarimiz rozi bo‘ladi. Respublika ishchi guruhi a’zolari bilan birgalikda xonadonlarga kirib, odamlarimizni dardi tashvishini eshityapmiz. Aksariyati bunday e’tibordan xursand bo‘lishmoqda.
Shahnoza Sulaymonova “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydi. Bu qizning g‘ayratiga qoyil qolasiz. Ikki yil avval paypoq ishlab chiqarish tarmog‘ini ishga tushirdi. U boshchiligidagi “Jahon ichra” oilaviy korxonasida 8 nafar qiz mehnat qiladi. Joy ijarada bo‘lganligi uning yangi g‘oyalariga to‘siq bo‘lardi. Respublika ishchi guruhi a’zolari mahallada o‘rganishlar chog‘ida uning bu muammosini tinglab, yechim topishdi. Marg‘ilon shahridagi “Yoshlar kichik sanoat zonasi”da Shahnozaning loyihasi uchun yer maydoni ajratib berildi. Shuningdek, Milliy bank tomonidan kredit ajratiladigan bo‘ldi.
Bugun mahallalarda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish istagida yurganlar ko‘plab topiladi. Mahallabay ishlash tizimida tadbirkorlikni rivojlantirish, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bartaraf etish, ishsizlarni kasb-hunarga o‘rgatishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Marg‘ilon shahrida tashkil etilgan shtab tomonidan kunlik o‘rganishlar tahlil qilinib, muammolarni bartaraf etish tadbirlari belgilanmoqda.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA