Farg‘onada ko‘plab oilalar qo‘ziqorin yetishtirmoqda
Iste’mol uchun yaroqli bo‘lgan qo‘ziqorin yetishtirish orqali daromad topish, yaxshigina biznes qilish mumkin. Farg‘ona tumanidagi “Novkent” mahalla fuqarolar yig‘inida mazkur mahsulotni yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.
Mahalla ahli tomorqachilikda yaxshi tajribaga ega bo‘lib, har qarich yerdan samarali foydalanishga harakat qiladi. Isitish tizimi, elektr energiya talab qilmaydigan issiqxonada qo‘ziqorin, sitrus meva, sabzavotlar yetishtirilmoqda.
Qobilaxon Madiyorova sohada yaxshi tajriba to‘pladi. Kam xarajat, ortiqcha mehnat talab qilmaydigan qo‘ziqorin yil davomida hosil beradi. Xonadondagi mo‘’jaz issiqxonada baravj rivojlanayotgan ekinlar hosil cho‘g‘idan darak berib turibdi. Narxi ham chakki emas. Ayni kunda bir kilogramm mahsulotning ulgurji narxi 15 ming so‘m.
– Toshkentdan urug‘ olib kelib samarasini sinab ko‘rdik. Natija yaxshi, – deydi Qobila opa. –
Hozir ikki sotix joyda qo‘ziqorin yetishtirayapmiz. Uni parvarishlash juda oddiy. Ikkilamchi xomashyo – sheluxa maxsus qoplarga joylanib, urug‘ qadaladi, qishda issiq joyda, yozda salqinda parvarishga qo‘yiladi. Urug‘lar o‘n-o‘n besh kunda hosil bera boshlaydi. Bitta ikki kilogramm sheluxa solingan qopga joylangan urug‘lar 10-12 kilogrammgacha hosil beradi. Bu ishlarga qo‘l urib kam bo‘lganimiz yo‘q. Uy-joy, oilamizdagi farovonlik hamjihatlikda qilingan mehnatimiz mahsuli.
[gallery-2004]
Dunyoda qo‘ziqorinlarning 100 mingdan ortiq turi mavjud. O‘zbekistonda 100 dan ortiq turi o‘sadi. Shundan atigi 25 turigina iste’molga yaroqli hisoblanadi. Qo‘ziqorin quritilgan, qaynatilgan, qovurilgan, tuzlangan, marinadlangan ko‘rinishda iste’mol qilinadi. O‘rmon hududlarida yashaydigan mamlakatlar aholisi qo‘ziqorinlarni xomligicha iste’mol qilish usullarini ham o‘zlashtirib olgan. Antibiotik sifatida ishlatiladigan penitsillin dorisi qo‘ziqorindan olingan. bugungi kunda ham bu mahsulot ekstrakti farmatsevtikada keng qo‘llaniladi.
Bir oilada boshlangan tashabbus mahallada quloch yoymoqda. Xonadon egalari tomorqachilarga qo‘ziqorin ekish, urug‘ yetkazib berish ishlarida yordam bermoqda, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib daromad topmoqda.
Nodirjon Ismoilov oilasi “Temir dafar”ga kiritilgan. Kasb-hunari bo‘lmagan oila yollanma ish bilan shug‘ullanadi, topgani ro‘zg‘ordan ortmaydi. Xo‘jaligida tomorqa ekin maydoni bor, lekin undan unumli foydalanmagan. Mahalla mutasaddilari bu oilaga subsidiya asosida issiqxona qurishga yordam berdi. Issiqxonaga limon ko‘chatlari o‘tqazildi, ekinlar oralig‘ida sabzavot ekinlari, qo‘ziqorin parvarishlashga ko‘maklashildi. Qo‘ziqorin va sabzavotlar tez kunlarda bozorga chiqadi.
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA