Farg‘onada investitsiya dasturlari qanday bajarilmoqda?
Senat yalpi majlisida Farg‘ona viloyati hokimining investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.
Viloyatda o‘zlashtirilayotgan xorijiy investitsiyalar miqdori yiliga o‘rtacha 50 foizlik o‘sish sur’atlarini namoyish etib, bu borada respublikada 2-o‘rinni egallab kelmoqda.
Amalga oshirilayotgan investitsiya dasturi loyihalari doirasida 2021 yilda jami 512 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kredit mablag‘lari o‘zlashtirilgan. 2022 yil yanvar-avgust oylarida ushbu ko‘rsatkich 475 million dollarni tashkil etgan hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan – 2,2 barobarga o‘sgan.
Dunyoning eng nufuzli “S&P Global Rating” (AQSH) xalqaro reyting agentligi tomonidan viloyatning mustahkam moliyaviy indikatorlari va yuqori iqtisodiy salohiyati uchun “B+”, ya’ni “barqaror” darajasidagi kredit reytingi berilgan.
Viloyatda 2021 yilda jami 756,3 million dollarlik eksport amalga oshirilib, 2020 yilga nisbatan 136 foizga o‘sish kuzatilgan. Joriy yilning yanvar-avgust oylarida 556,6 million dollarlik mahsulotlar eksport qilingan va ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 114,8 foizga ortgan.
Viloyat eksportyorlari tomonidan 60 ta xorijiy davlatga 150 dan ziyod turdagi mahsulotlar eksport qilinib, eksport geografiyasi Gonduras, Kipr, Gongkong, Moldaviya davlatlari hisobiga kengaygani qayd etildi.
Eshituv oldidan Senat tomonidan mazkur yo‘nalishda viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy o‘rganilib, respublika darajasidagi muammoli masalalar viloyat hokimi, Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida keng muhokama qilindi.
Jumladan, tadbirkorlardan undirilgan qo‘shimcha qiymat solig‘ining belgilangan muddatda qaytmayotganligi ular faoliyatini rivojlantirishga, qo‘shimcha va munosib ish o‘rinlari yaratilishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Kichik sanoat hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini o‘rnatish borasidagi ishlar yetarli emasligi bois ayrim loyihalar o‘z vaqtida amalga oshirilmayotgani, ba’zilari esa tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan rad etilayotgani tanqid qilindi.
“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining “A” va “V” nimzonalarini bog‘lovchi 900 metr temir yo‘l qurish ishlari boshlanmaganligi bois mahsulotlarni joylarga yetkazishda qiyinchiliklar yuzaga kelishi bilan bir qatorda, ortiqcha sarf-xarajatlarga ham olib kelayotgani tadbirkorlar e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Yalpi majlis yakuniga ko‘ra, o‘z yechimini kutib turgan muammoli masalalarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi hamda ijrosi ustidan parlament nazoratini yo‘lga qo‘yish belgilandi.
O‘zA