Farg‘onada dzyudo rivoji yo‘lida yangi qadam
Qo‘qon shahridagi 20-umumta’lim maktabida dzyudo sport turi bo‘yicha yangi sport zali foydalanishga topshirildi.
Mamlakatimizda bugungi kunda sportning barcha turlarini rivojlantirish hamda uning ommaviyligini ta’minlash borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Xususan, dzyudo bilan shug‘ullanuvchi yoshlar safi ham tobora kengaymoqda. Qo‘qonda bunyod etilgan mazkur sport turiga ixtisoslashgan sport maskani ham umidli sportchilarni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Tantanali ochilish marosimda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, O‘zbekiston Dzyudo federatsiyasi raisi Aziz Komilov, sportchi va murabbiylar va yoshlar ishtirok etdi.

Ochilish marosimida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov mazkur sport inshooti yurtimizda dzyudo sportini ommalashtirishga xizmat qilishi, shuningdek, professional sportchilar kamolga yetkazishini ta’kidlab o‘tdi. Barchani ushbu yangi inshoot ochilgani bilan muborakbod etdi.


Shundan so‘ng yosh sportchilar o‘ziga xos ko‘rgazmali chiqishlar orqali yig‘ilganlarga o‘z mahoratlarini namoyish etib berishdi. Tadbir so‘ngida sportchi murabbiylarga O‘zbekiston Dzyudo federatsiyasi nomidan tashakkurnoma hamda yosh sportchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
M. Sulaymonov, O‘zA