Farg‘onada besh yilda 31 ming gektar yer o‘zlashtirildi
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirishda sohada imkoniyatlar yetarli. Xususan, yerlarni o‘zlashtirish bunda muhim ahamiyatga ega. Farg‘ona viloyatida 2017-2022 yillar davomida 31 ming gektar yer maydonlari foydalanishga kiritildi. Natijada 13 ming 600 nafar aholi bandligi va kafolatli daromad olishi ta’minlandi. 620 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Birgina Oltiariq tumanida o‘tgan yilda Katput massivi hududida 1000 gektar qir-adirlik maydonlar o‘zlashtirilib, 450 gektarda yangi tokzorlar va 500 gektarda gilos, o‘rik va bodomzor barpo etildi. 1 ming 500 nafar aholi bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, Quvasoy shahrida “Uz segang” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 500 gektar maydon o‘zlashtirilib, intensiv gilos bog‘i, Rishton tumanida “Gold Garden Avitsena” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 130 gektar yer maydoni o‘zlashtirilib pistazor barpo etildi. Farg‘ona tumanida "GREEN WORLD FORESTRY" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 150 gektar yer maydoni o‘zlashtirilib, pavloniya plantatsiyasi tashkil qilindi.
O‘tgan yillardagi tajribalardan kelib chiqib, joriy yilda ham ekin yerlarini foydalanishga qaytarish va yangi yerlarni o‘zlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar “yo‘l xarita” ishlab chiqildi. Jumladan, 1 ming 900 gektar foydalanishdan chiqib ketgan va 2 ming 100 gektar yaylov-adirliklardagi yangi yer maydonlari foydalanishga kiritilib, 3 ming gektarida mevali bog‘ va uzumzorlar tashkil etiladi. So‘x tumanida Qayroq massivini suv bilan ta’minlash uchun 78,3 milliard so‘m mablag‘ evaziga katta ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu mablag‘lar hisobidan qisqa muddatlarda 2 ta nasos stansiya qurib bitkazildi, 5 dona zamonaviy nasos agregatlari o‘rnatildi. 10 kilometr uzunlikda metall quvurlar yotqizilib, “Qayroq ikki ko‘tarmali” nasos stansiyasi ishga tushirildi. So‘xliklar uchun bu juda katta imkoniyat bo‘lmoqda.


Hozirda yer maydonlarini o‘zlashtirish ishlari boshlangan bo‘lib, So‘x tumanida jami 1 ming 980 gektar, ya’ni Qayroq massivida 1 ming 480 gektar, Javpaya massivida 500 gektar qir-adir maydonlarni o‘zlashtirish va ko‘chat ekish ishlari olib borilmoqda. Qayroq hududida 280 gektarda intensiv o‘rik bog‘i, 200 gektarda malina, 500 gektarda na’matak plantatsiyalari tashkil etiladi hamda 500 gektarda kartoshka yetishtiriladi. Ushbu yerlarda asosan tomchilatib sug‘orish tizimida tayyor holatda bog‘lar barpo etiladi hamda kooperatsiya usulida 0,5 gektardan 4 ming nafar aholining bandligi hamda kafolatli daromad olishi ta’minlanadi.


Javpaya massivida yaylov yerlarni o‘zlashtirish uchun loyiha qiymati 19,3 milliard so‘m bo‘lgan qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi. Jahon bankining 1,5 million AQSH dollari miqdordagi grant mablag‘lari hisobidan birinchi bosqichda 500 gektar maydonda intensiv bog‘ tashkil etish loyihasi boshlandi. Mazkur loyihada “Nuran-uz” korxonasi tomonidan eng zamonaviy texnologiya asosida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilmoqda, aprel oyi yakuniga qadar eksportbop mevali ko‘chatlar ekiladi hamda qator orasida sabzavotlar yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
M.Sulaymonov,
O‘zA